Kecha, 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida kirish imtihoni boshlandi. Ushbu dargoh oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladigan 6 ta hududning birinchisi sanaladi.
Erta tongdan mazkur hududga 348 nafar abituriyent imtihon topshirish uchun yetib keldi. Bu yerda abituriyentlar va ularning ota-onalariga barcha zarur sharoitlar qilingan.
Imtihon boshlanish oldi o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Elyor Alimqulov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramiddin domla Razov, soha vakillari, o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalar va abituriyentlar ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan marosimda so‘zga chiqqanlar yurtimizda diniy ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida so‘zlash barobarida imtihon haqida abituriyentlarga batafsil tushuncha va tavsiyalar berib o‘tdilar.
Ushbu jarayonni soha mutasaddilari va hamkor tashkilot vakillaridan iborat kuzatuvchilar nazorat qilib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا علي بن عبد العزيز نا أبو حفص عمر بن يزيد الرفاء بالبصرة نا شعبة بن الحجاج عن عمرو بن مرة عن شقيق بن سلمة عن عبد الله بن مسعود قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: ”ما بال أقوام يشرفون المترفين ويستخفون بالعابدين ويعملون بالقرآن ما وافق هواهم وما خالف هواهم تركوه فعند ذلك يؤمنون ببعض ويكفرون ببعض يسعون فيما يدرك بغير سعي من القدر المقدور والأجل المكتوب والرزق المقسوم ولا يسعون فيما لا يدرك إلا بالسعي من الجزاء الموفور والسعي المشكور والتجارة التي لا تبور.“
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Odamlarga nima bo‘ldiki, badavlatlarni e’zozlaydi, ibodatgo‘ylarni kamsitadi, nafsi havolariga to‘g‘ri kelsagina Qur’onga amal qiladi, nafsi havolariga to‘g‘ri kelmasa, uni tark qilib qo‘yadi, natijada ba’zisiga iymon keltirib, ba’zisiga kufr keltiradi. Sa’y-harakatsiz topiladigan o‘lchab berilgan qadarga, yozib qo‘yilgan ajal (muddat)ga, taqsimlab qo‘yilgan rizqqa harakat qiladi. Harakat qilmasa yetishib bo‘lmaydigan ajru mukofotga, savobli amallarga va kasodga uchramaydigan tijoratga harakat qilmaydi?!”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi