Kecha, 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida kirish imtihoni boshlandi. Ushbu dargoh oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladigan 6 ta hududning birinchisi sanaladi.
Erta tongdan mazkur hududga 348 nafar abituriyent imtihon topshirish uchun yetib keldi. Bu yerda abituriyentlar va ularning ota-onalariga barcha zarur sharoitlar qilingan.
Imtihon boshlanish oldi o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Elyor Alimqulov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramiddin domla Razov, soha vakillari, o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalar va abituriyentlar ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan marosimda so‘zga chiqqanlar yurtimizda diniy ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida so‘zlash barobarida imtihon haqida abituriyentlarga batafsil tushuncha va tavsiyalar berib o‘tdilar.
Ushbu jarayonni soha mutasaddilari va hamkor tashkilot vakillaridan iborat kuzatuvchilar nazorat qilib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.