Adolat va insof o‘ta muhim narsalardir. Alloh taolo mo‘minlarni garchi o‘z zararlariga, ota-onalari va qarindoshlari zarariga bo‘lsa ham adolatni qoim qilishga va to‘g‘ri guvohlik berishga chaqirgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tutumlari ham shunday edi. «Allohga qasamki, agar Muhammad qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa, hech shubhasiz uning ham qo‘lini kesgan bo‘lardim...».
Buxoriy rivoyati.
Sahobalarning tutumi ham shunday bo‘lgan. Tobeinlar va ularga ezgulik bilan ergashganlarning ham holi shunday edi.
Shurayh Qozining o‘g‘li bir kuni otasi huzuriga kelib ayrim odamlar bilan o‘rtasida xusumat yuzaga kelganini aytib kengash qiladi. Otasi unga bo‘lgan voqeani aytib berishini so‘raydi. U aytib beradi va otasidan mazkur kelishmovchilikda uning haq yoki nohaqligini so‘raydi. Buning so‘rayotganimning sababi shuki, deydi otasiga:
- Agar men haq bo‘lsam, ularni qoziga arz qilib, da’volashaman. Bordiyu ular haq bo‘lsa, u holda ular bilan kelishib olaman. Otasi uni diqqat bilan tinglagach, ular bilan da’volash, dedi. Eng katta qozi esa otasi Shurayh edi. Shunday qilib, qozining bolasi o‘z xasmlarini da’voga tortdi. Chunki, otasining «ular bilan da’volash!» degan so‘zidan o‘zining haq ekanligida shubhasi qolmagandi. Qozi Shurayh huzuriga to‘plangan o‘g‘lining xasmlari o‘g‘lini eshitgach, hukmni o‘g‘lining yovlari foydasiga va o‘g‘lining zarariga chiqardi va o‘g‘lini ularning haqlarini ado etishga majbur qildi. Raqiblar ketgach, Shurayhning o‘g‘li otasidan qattiq xafa bo‘ldi. «Meni qattiq sharmanda qildingiz, otajon», deya yozg‘irdi. «Siz bilan bu borada maslahatlashmagan bo‘lganimda ham sizni malomat qilmasdim. Mening nohaqligimni aytsangiz bo‘lardi-ku o‘shanda?! Axir, men farzandingizmanku! Shunchalik ham yomon ko‘rasizmi, meni?!», dedi. Shunda Qozi Shurayh shunday javob berdi:
«O‘g‘lim, sen menga Yer yuzi to‘la shunday odamlardan mahbubroqsan. Lekin, Alloh men uchun sendan azizroqdir. Agar mazkur xusumatda sen nohaqsan» deganimda ular bilan borib sulh qilarding. Haq bo‘lsang, qozilashib, nohaq bo‘lsang sulhga borishing, adolatdan emas. Zero, bu holatda ular sening kelishuvga moyil bo‘lganing uchun o‘zlarining ayrim haqlaridan o‘zlari xohlamagan holda voz kechishga tayyor bo‘lardilar. Shunday bo‘lmasin, deya «ular bilan da’volash!» dedim. Toki, haqlariga zarracha ham nuqson yetmasin.
Alisher Sultonxodjayev
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD