Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shu yil 7 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yosh diniy soha xodimlarining axborot, media va kommunikatsiyalar bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan I ilmiy-amaliy seminarning ikkinchi kuni ham har jihatdan yosh imomlarga foydali bo‘ldi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov bugungi davrda yosh imom-xatiblar oldida turgan vazifalar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dots.nti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Alijon Safarov OAV jurnalist mahorati mavzusida dars mashg‘ulotlarini o‘tish barobarida yosh soha xodimlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari Toshkent islom institutida uch sho‘baga bo‘lingan holda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Mazkur jarayonda qatnashchilar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimlari, Fatvo markazi, Matbuot xizmati, shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan media yo‘nalishiga doir ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Ishtirokchilar uchun diqqatga sazovor joylarga ziyoratlar ham uyushtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati