O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Termiz shahrida 2020-2021 o‘quv yilidan o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, 2023-2024 o‘quv yilida ilk bitiruvchilar mazkur ta’lim muassasasini tamomladi.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining uzviy davomi sifatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ta’lim muassasasida o‘qish muddati 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Imom Termiziy nomidagi islom institutiga 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul e’lon qilinadi. O‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 2024 yil 14 avgustdan 20 avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.
Abituriyentlar Qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi).
Abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha qabul imtihonlarini topshiradilar:
Arab tili (test sinovi) 30 X 3,1 – 93 ball
Hadis va Mustalahul hadis (ijodiy imtihon) 63 ball
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 X 1,1 – 33 ball
Arab tili bo‘yicha V2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.
Ma’lumot o‘rnida: Ta’lim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Qabul imtihonlarini o‘tkazish sanasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Qabul jarayonlari haqida so‘ngi yangiliklarni https://t.me/qabulmuslimuz kanalida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati