Bugun, 13 avgust kuni Namangan shahrida joylashgan “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi kirish imtihoni boshlandi. Mazkur madrasa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2024–2025 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladigan beshinchi hudud sanaladi.
Erta tongdan 2261 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish uchun mazkur dargohga yetib keldi. Ular bilan birga kelgan ota-ona va yaqinlari uchun alohida salqin joy va zarur sharoitlar tayyorlangan.
Mazkur tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Elyor Alimqulov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov, “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri Qobiljon Mirzabayev hamda abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mutasaddi vakillar yurtimizda diniy ta’lim sohasida bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar, xususan, kuni kecha Termiz islom instituti ochilgani, Toshkent islom institutida esa magistratura yo‘nalishi faoliyat boshlagani haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, abituriyentlarga imtihon topshirish tartib-qoidalarini tushuntirishdi.
Imtihon jarayoni adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Alloh taolo imtihonlarning barcha abituriyentlarga manfaatli bo‘lishini nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati