Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

EZGU TASHABBUSNING HAYOTBAXSH ODIMLARI

14.08.2024   8264   4 min.
EZGU TASHABBUSNING HAYOTBAXSH ODIMLARI

Ma’naviy yuksalish

Har bir hoji — ma’naviyat va ezgulik targ‘ibotchisi

 

Joriy yilgi haj mavsumi ham doimgidek ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Ayni dam muqaddas haj ziyoratiga boruvchilar hayotida yangi davr boshlandi. Endi hajga borayotgan kishi qaytib kelgach, jamiyat hayotida muhim o‘rni borligini his etib, safarga hozirlik ko‘radi.

 

Shu yil haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Bunday quvonchdan ruhlangan hojilar Mino, Arafot va Muzdalifada yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun duolar qildi. Ular bir ovozdan ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish tashabbusini ilgari surdi. So‘ng hojilar Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida ezgu tashabbus loyihasini ishlab chiqdi va “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida faoliyat yuritishga bel bog‘ladi. Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish ishlari respublikamizning barcha hududida birdek boshlandi. Dastlab respublika ishchi guruhi tomonidan mahalla raislari, faollar, imom-xatiblar va hojilarga mahallalarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi, seminar-treninglar tashkil etildi.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va mahalliy hokimliklar tomonidan har bir hududda hojilar o‘z mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch oilalar, ajrim yoqasida turgan fuqarolarga biriktirildi.

Hozir har bir hoji jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga hissa qo‘shmoqda. Ular yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat va namuna ko‘rsatib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, mahallalardagi ayrim fuqarolar adashib, egri yo‘lga kirib qolmasligi  choralarini ko‘rmoqda. Buning uchun mahallalarda hojilar va imom-xatiblar ishtirokida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda aholiga ahil-inoqlik, oilalar totuvligi, vatanga sadoqatning asl mohiyati sodda, xalqchil tilda, hayotiy misollar orqali tushuntirib berilmoqda. Bunday tadbirlar hojilar ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishidek ezgu tashabbus naqadar to‘g‘ri va o‘z vaqtida bildirilganini yana bir karra tasdiqlaydi.

Xayrli tadbirlar boshlanganiga hali ikki oy ham bo‘lmadi. Ana shu qisqa vaqtda hojilar ishtirokida 10 mingdan ziyod ma’rifiy va xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ular doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 37 mingdan ortiq aholi bilan dildan suhbat qilindi. Natijada ­oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrashish yoqasidagi insonlarni yarashtirish, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi masalalar ijobiy hal etildi. Qolaversa, ishsiz fuqarolarga munosib ish joylari topishga ko‘maklashilmoqda. Quvonarlisi, shu ishlar doirasida ehtiyojmand oilalarga 825 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuning o‘ziyoq birgina tashabbusning ko‘lami, samarasi qanchalik keng ekanini ko‘rsatadi.

 

So‘z — hojilar, ya’ni ma’naviyat va ezgulik targ‘ibotchilariga:

Sharifjon hoji ota Darmonov Norin tumanidan:

— Biz haj ibodati davomida xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida ko‘p bora duo qildik. Mana, bugun o‘zimiz ham ma’naviyat, ezgulik targ‘ibotchisi bo‘lib, mahallamizdagi xonadonlarga kirib, aholi bilan muloqot qilyapmiz. Uchrashuvlarda bu yorug‘ kunlarning qadriga yetish, Alloh bergan cheksiz ne’matlarga shukrona aytish haqida hayotiy o‘gitlar asosida so‘z yuritmoqdamiz. Maqsad — yoshlarimizni hayotda qoqilmay, o‘z yo‘lini topib ketishiga oz bo‘lsa-da yordam berish. Zero, farzandlarimiz bekorchi narsalarga chalg‘imay, o‘qib-o‘rganib, oyoqqa turib ketar ekan, bundan nafaqat mahallamiz, balki butun yurtimiz foyda topadi. Hadislarda ta’kidlanganidek, yaxshilikka dalolat qilgan kishi uni amalga oshirgan insondek savobga ega bo‘ladi. Demak, bugungi uchrashuvlarimiz ham ayni savobli amaldir.

Abduqahhor domla Yunusov, Toshkent shahri bosh imom-xatibi:

— Hoji maqomini olgan inson ezgulik targ‘ibotchisiman, o‘zim yashaydigan ko‘cha, mahalla va tumanda yoshlarga yaxshilikda ibrat bo‘laman, deya maqsad qilishi qanday ajoyib ish! Islom dini ta’limotiga ko‘ra, haj amali qabul bo‘lgan insonlar onadan tug‘ilganday gunohlardan poklanadi. Ibodat vaqtidagi, vatanga qaytgandan keyingi duolari ham ijobat bo‘ladi. Ana shunday tabarruk insonlarning so‘zini barcha jon-dili bilan tinglaydi, nasihatlariga og‘ishmay amal qiladi.

Bugun poytaxtimizning barcha mahalla­lariga Toshkent shahridan haj ibodatini ado etib qaytgan fuqarolarimiz bilan kirib borib, ularning hol-ahvolini o‘rganyapmiz, muammolariga yechim topish choralarini ko‘ryapmiz.

“Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz” degan ulug‘vor shior bejiz o‘rtaga qo‘yilmadi. Haqiqatan, xayrli ishlarda birlashsak, hamjihat bo‘lsak, har qanday marraga yetamiz, inshaalloh.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Sardor TOLLIBOYEV tayyorladi.


#gazeta

Boshqa maqolalar

O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati

20.01.2025   7905   5 min.
O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati

2. Mag‘ribdagi Sijilmosaning Banu Midror davlati

By davlat hijriy 140–297 (milodiy 757–909) yillar orasida hukm surgan. Banu Midror davlatining odamlari xavorijlarning safariyya toifasidan bo‘lishgan. Ular abbosiylar bilan murosasozlik qilishgan va ichki ishlari va shjoratlarida o‘zlariga xon, o‘zlariga bek bo‘lib olganlar. Ularni fotimiylardan bo‘lgan ubaydiylar davlati yo‘q qilgan. Bu voqea hijriy 297 yilda sodir bo‘lgan.
 

Bu davlatning eng mashhur hokimlari:
1. Iyso ibn Yazid Asvad. Bu shaxs davlatga muassis bo‘lgan. Hijriy 140–155 (milodiy 757–772) yillar.
2. Abul Qosim Samku. Hijriy 155–168 (milodiy 772–784) yillar.
3. Al-Yasa’ ibn Abul Qosim. Hijriy 174–208 (milodiy 790–823) yillar.
4. Maymun ibn Midror. Hijriy 224–263 (milodiy 839–877) yillar.

 

3. O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati
(hijriy 160–29; milodiy 776–908)

Ular iboziy xavorijlardan bir firqadir. Bu davlatga Abdurrahmon ibn Rustam asos solgan. U barbarlarni tugatgandan so‘ng o‘z davlatini qurdi. So‘ng Tohart nomli shaharni qurib, uni o‘ziga poytaxt qilib oldi. Bu davlatni ubaydiylar toifasi yiqitdi va hijriy 296 (milodiy 908) yilda o‘ziga qo‘shib oldi.

Mazkur davlatning kuzga kuringan xukmdorlari:
1. Abdurrahmon ibn Rustam. Hijriy 160–168 (milodiy 776–784) yillar.
2. Abdulvahhob ibn Abdurrahmon. Hijriy 167–208 (milodiy 784–823) yillar.
3. Aflah ibn Abdulvahhob. Hijriy 208–258 (milodiy 823–872) yillar.
4. Abul Yakzon Muhammad ibn Aflah. Hijriy 260–281 (milodiy 874–894) yillar.

 

4. Marokashdagi idrisiylar davlati
(hijriy 172–375; milodiy 788–985)

Abbosiylar Fax jangida alaviylar oilasiga katta zarar yetkazganlaridan so‘ng, hijriy 169 (milodiy 785) yilda Idris ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan ibn Aliy ibn Abu Tolib va uning ukasi Yahyolar qochib ketishdi. Yahyo Daylam yurtlarida qo‘zg‘alon ko‘tardi, so‘ng ar-Rashid uni yo‘q qildi. Lekin Idris Mag‘ribning eng uzoq yurtiga qochib bordi. U yerda barbarlar uni qo‘llab-quvvatlashdi. Idris Marokashda o‘zining amirligiga asos soldi, uning shavkati kuchaydi. Undan keyin o‘g‘li Idris davlatni qo‘lga oldi. U mazkur davlatning eng ko‘zga ko‘ringan hukmdori, haqiqiy asoschisi hisoblanadi. Yahyo ibn Idris ibn Umarning davrida Idris Fa’s shahrini ko‘rgan. Mag‘rib yurtlarining barchasida bu davlatning nufuzi ortgan.

Idrisiylar davlati tarixdagi birinchi shiy’a davlati hisoblanadi. Idrisiylarga Islom tamaddunini Mag‘ribga olib kelgan birinchi shaxslar sifatida qaraladi. Ularni fotimiy-ubaydiylar yo‘q qilgan.
 

Idrisiylar davlatining ko‘zga ko‘ringan hukmdorlari:
1. Idris ibn Abdulloh ibn Hasan. Hijriy 172–177 (milodiy 788–793) yillar.
2. Idris ibn Idris. Hijriy 177–213 (milodiy 793–828) yillar.
3. Muhammad ibn Idris ibn Idris. Hijriy 213–221 (milodiy 828–836) yillar.
4. Yahyo ibn Idris ibn Umar. Hijriy 292–310 (milodiy 905–922) yillar.

 

5. Tunis – Qayruvondagi ag‘labiylar davlati
(hijriy 184–296; milodiy 800–908)

Rashid ibn Ibrohim ibn Ag‘lab barbarlarga odob berish, ularni idrisiylarga, Misr va Shomga qarshi hujum qilishdan to‘sib turish uchun hijriy 184 yilda Afrikaga voliy etib tayinlandi. U ishlarni tartibga soldi, qo‘zg‘alonlarni bostirdi. O‘zining hukmronligi uchun Qayruvonni markaz qilib tanladi va o‘z mintaqasini abbosiylar davlatidan ajratib, mustaqil davlat qilib oldi. Abbosiylar davlati ularni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Ushbu davlatning nufuzi Tunis va Liviyaga tarqaldi.

 

Tashqi fathlar

Ziyodatulloh ibn Ibrohim o‘sha vaqtda hijriy 212, milodiy 827 yilda Siqilliya orolini fath qilishga imkon topdi.

Musulmonlar Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning davridan buyon Siqilliyaga yurishlar qilib kelar, lekin u yerda sobit qolmagan edilar. Faqat ag‘labiylar davrida u yerda turib hukm yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Siqilliya orolini fath qilishda Asad ibn Furot qozi ul-quzot (bosh qozi) o‘laroq ishtirok etdi. Islomning hukmronligi bu orolda hijriy 483 (milodiy 1090) yilgacha davom etdi.

Ag‘labiylar O‘rta yer dengizidagi orollarga doimiy ravishda hujumlar uyushtirib turdilar. Ular hijriy 256 (milodiy 870) yilda Maltani fath qildilar. Shuningdek, Italiyaning janubiy taraflariga va Fransiyaga ham g‘azotlar uyushtirib, muvaffaqiyat qozondilar. Fransiyaning sohillariga ega chiqishdi va Italiyaning bir qancha shaharlarini – Brindizi, Napoli, Kalyarini, Taranto va Barini fath qildilar.

Ubaydiylar davlati hijriy 296 (milodiy 908) yilda ag‘labiylar davlatini ham tugatdi.

Ag‘labiylar davlatining mashhur hokimlari:
1. Ibrohim ibn Ag‘lab ibn Solim. Hijriy 184–196 (milodiy 800–811) yillar.
2. Ziyodatulloh ibn Ibrohim. Hijriy 201–223 (milodiy 816–838) yillar.
3. Ibrohim ibn Ahmad. Hijriy 261–289 (milodiy 875–902) yillar.
 

Keyingi mavzu:
Ikkinchi Abbosiylar asri;
Turklarning ustunligi;
Zanjiylar qo‘zg‘aloni;
Qarmatiylar harakati.