Ma’naviy yuksalish
Har bir hoji — ma’naviyat va ezgulik targ‘ibotchisi
Joriy yilgi haj mavsumi ham doimgidek ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Ayni dam muqaddas haj ziyoratiga boruvchilar hayotida yangi davr boshlandi. Endi hajga borayotgan kishi qaytib kelgach, jamiyat hayotida muhim o‘rni borligini his etib, safarga hozirlik ko‘radi.
Shu yil haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Bunday quvonchdan ruhlangan hojilar Mino, Arafot va Muzdalifada yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun duolar qildi. Ular bir ovozdan ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish tashabbusini ilgari surdi. So‘ng hojilar Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida ezgu tashabbus loyihasini ishlab chiqdi va “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida faoliyat yuritishga bel bog‘ladi. Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish ishlari respublikamizning barcha hududida birdek boshlandi. Dastlab respublika ishchi guruhi tomonidan mahalla raislari, faollar, imom-xatiblar va hojilarga mahallalarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi, seminar-treninglar tashkil etildi.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va mahalliy hokimliklar tomonidan har bir hududda hojilar o‘z mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch oilalar, ajrim yoqasida turgan fuqarolarga biriktirildi.
Hozir har bir hoji jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga hissa qo‘shmoqda. Ular yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat va namuna ko‘rsatib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, mahallalardagi ayrim fuqarolar adashib, egri yo‘lga kirib qolmasligi choralarini ko‘rmoqda. Buning uchun mahallalarda hojilar va imom-xatiblar ishtirokida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda aholiga ahil-inoqlik, oilalar totuvligi, vatanga sadoqatning asl mohiyati sodda, xalqchil tilda, hayotiy misollar orqali tushuntirib berilmoqda. Bunday tadbirlar hojilar ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishidek ezgu tashabbus naqadar to‘g‘ri va o‘z vaqtida bildirilganini yana bir karra tasdiqlaydi.
Xayrli tadbirlar boshlanganiga hali ikki oy ham bo‘lmadi. Ana shu qisqa vaqtda hojilar ishtirokida 10 mingdan ziyod ma’rifiy va xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ular doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 37 mingdan ortiq aholi bilan dildan suhbat qilindi. Natijada oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrashish yoqasidagi insonlarni yarashtirish, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi masalalar ijobiy hal etildi. Qolaversa, ishsiz fuqarolarga munosib ish joylari topishga ko‘maklashilmoqda. Quvonarlisi, shu ishlar doirasida ehtiyojmand oilalarga 825 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuning o‘ziyoq birgina tashabbusning ko‘lami, samarasi qanchalik keng ekanini ko‘rsatadi.
So‘z — hojilar, ya’ni ma’naviyat va ezgulik targ‘ibotchilariga:
Sharifjon hoji ota Darmonov Norin tumanidan:
— Biz haj ibodati davomida xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida ko‘p bora duo qildik. Mana, bugun o‘zimiz ham ma’naviyat, ezgulik targ‘ibotchisi bo‘lib, mahallamizdagi xonadonlarga kirib, aholi bilan muloqot qilyapmiz. Uchrashuvlarda bu yorug‘ kunlarning qadriga yetish, Alloh bergan cheksiz ne’matlarga shukrona aytish haqida hayotiy o‘gitlar asosida so‘z yuritmoqdamiz. Maqsad — yoshlarimizni hayotda qoqilmay, o‘z yo‘lini topib ketishiga oz bo‘lsa-da yordam berish. Zero, farzandlarimiz bekorchi narsalarga chalg‘imay, o‘qib-o‘rganib, oyoqqa turib ketar ekan, bundan nafaqat mahallamiz, balki butun yurtimiz foyda topadi. Hadislarda ta’kidlanganidek, yaxshilikka dalolat qilgan kishi uni amalga oshirgan insondek savobga ega bo‘ladi. Demak, bugungi uchrashuvlarimiz ham ayni savobli amaldir.
Abduqahhor domla Yunusov, Toshkent shahri bosh imom-xatibi:
— Hoji maqomini olgan inson ezgulik targ‘ibotchisiman, o‘zim yashaydigan ko‘cha, mahalla va tumanda yoshlarga yaxshilikda ibrat bo‘laman, deya maqsad qilishi qanday ajoyib ish! Islom dini ta’limotiga ko‘ra, haj amali qabul bo‘lgan insonlar onadan tug‘ilganday gunohlardan poklanadi. Ibodat vaqtidagi, vatanga qaytgandan keyingi duolari ham ijobat bo‘ladi. Ana shunday tabarruk insonlarning so‘zini barcha jon-dili bilan tinglaydi, nasihatlariga og‘ishmay amal qiladi.
Bugun poytaxtimizning barcha mahallalariga Toshkent shahridan haj ibodatini ado etib qaytgan fuqarolarimiz bilan kirib borib, ularning hol-ahvolini o‘rganyapmiz, muammolariga yechim topish choralarini ko‘ryapmiz.
“Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz” degan ulug‘vor shior bejiz o‘rtaga qo‘yilmadi. Haqiqatan, xayrli ishlarda birlashsak, hamjihat bo‘lsak, har qanday marraga yetamiz, inshaalloh.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Sardor TOLLIBOYEV tayyorladi.
#gazeta
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.