Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy tadqiqot bo‘limi 2024-2025 o‘quv yilidan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining magistratura yo‘nalishiga qabul jarayoni boshlanishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra mazkur yo‘nalishga o‘qishga kirish uchun talabgorlar quyidagi fanlar bo‘yicha imtihon topshiradi:
Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va Moturidiylik ta’limoti):
Aqoid, Islom falsafasi (ijodiy imtihon) – 100 ball;
Chet tili (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball.
Teologiya (Hadis ilmlari):
Hadis, Mustalahul-hadis (ijodiy imtihon) – 100 ball
Chet tili (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball
Toshkent islom instituti magistratura mutaxassisligiga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 14 avgustdan 20 avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.
Magistraturaga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar Qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
oliy diniy ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi).
Arab tili yoki ingliz tili bo‘yicha xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (At-Tanal Al-Arabi bo‘yicha kamida 95, TOEFL bo‘yicha kamida 95 yoki IELTS bo‘yicha kamida 7,0 ball, TestDaF (TDN3) yoki kamida C1 darajasidagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.
Ma’lumot o‘rnida: Ta’lim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Joriy yilgi qabul jarayonlari haqida so‘ngi yangiliklarni https://t.me/qabulmuslimuz kanalida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati