Shu yil 9-21 avgust kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligi Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi tomonidan Podshoh Abdulaziz nomidagi 44-xalqaro Qur’oni karimni yodlash, tajvid va tafsiri musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli qorilar bellashuvida O‘zbekiston nomidan Diniy idora tasarrufidagi Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Muhammad qori G‘ulomov Qur’oni karimni tajvid qoidasi asosida to‘liq yoddan o‘qib berish yo‘nalishida ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Muhammad qori Salohiddin o‘g‘li 2001 yilda Namangan shahridagi “Oltitosh” mahallasida tug‘ilgan. 2014 yilda Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Shundan so‘ng qariyb 10 yildan buyon yurtimiz masjidlaridagi xatmi Qur’on tadbirlarida ishtirok etib keladi. Hozirda Mir Arab madrasasining 3-bosqich talabasi.
Alloh taolo o‘zbekistonlik qoriga O‘zi yor va madadkor bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.