Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Baxramaddin domla Razov hojilar va imom-xatiblar bilan birga “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostidagi faoliyatni davom etish maqsadida yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olish maqsadida Ellikqal’a tumanida xizmat safarida bo‘ldi.
Tuman bosh imomi Ismoil Atajanov va hojilar bilan “Ibn Sino” mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj va diniy oqim ta’siridagi oilalarning yashash sharoitlari bilan tanishdi. Ular bilan bilan mo‘minga hos fazilat va farzand tarbiyasi mavzusida suhbatlashish barobarida homiylar ko‘magida maktab sumkasi, daftar, qalam va oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilmoqda.
So‘ng soha mutasaddilari tumandagi “Abdulloh Norinjoniy” masjidida bo‘lib, obodonlashtirish va qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, bu yerdagi sharoitlar, namozxonlar uchun yangi tashkil qilingan kutubxona bilan tanishdi.
Safar davomida Baxramaddin domla Ellikqal’a tumanidagi “Sanoat saroyi”da “Aholi orasida aqidaparastlikning oldini olish” shiori ostida tashkil qilingan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusidagi tadbirda ishtirok etdi.
Suhbat asnosida qozi domla islom – tinchlik dini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik haqida oyati karima va hadisi shariflardan misollar keltirib ma’ruza qildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning hududiy boshqarmasi vakillari, Nukus davlat pedagogik instituti professorlari, Ellikqal’a tumani aholisi, mahalla faollari, imom-xatiblar, otinoyilar ishtirok etdi.
Safar yakunida qozi domla tumandagi imom-xatib va imom-noiblar bilan uchrashib, sohaga tegishli topshiriqlar berdi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati