Misr Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib tavsiyasiga asosan mamlakat prezidenti Abdulfattoh as-Sisi farmoni bilan al-Azhar majmuasi huzuridagi Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyod Misr muftiysi etib tayinlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari yangi muftiyga qutlov yo‘lladilar. Unda Nazir Muhammad Ayyodni Misr muftiysi va Fatvo uyi (“Dorul ifto”) rahbari etib tayinlangani bilan qutlash barobarida ikki tomonlama hamkorlik yanada rivoj topishiga ishonch biridirildi.
Ma’lumot o‘rnida, Nazir Muhammad Ayyod 1972 yilda Qohira shahrida tug‘ilgan. U al-Azhar universitetida Usul ad-din, Aqida va falsafa yo‘nalishlarida 1995 yilda bakalavr, 2000 yilda magistr darajalarini qo‘lga kiritgan. 2003 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, 2016 yilda professor unvonini olgan.
Mehnat faoliyati davomida Islom va arabshunoslik kolleji o‘qituvchisi, dekan o‘rinbosari va al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi vazifalarida mehnat qilgan. U al-Azhar bitiruvchilari xalqaro tashkiloti, al-Azhar ilmiy tadqiqot xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi kabi uyushmalar a’zosi va ko‘plab mukofotlar sohibi hisoblanadi. Shuningdek, o‘nlab ilmiy maqolalar va kitoblar muallifidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ الصِّحَّةَ وَالعِفَّةَ وَالْأَمَانَةَ وَحُسْنَ الْخُلُقِ وَالرِّضَا بِالقَدَرِ
O‘qilishi: Allohumma inniy as’alukas-sihhata val ’iffata val amanata va husnal xuluqi var-rizo bil qodar.
Ma’nosi: Allohim! Sendan salomatlik, iffat, omonatdorlik, go‘zal xulq va taqdirga rozi bo‘lishni so‘rayman.