Bugun buzg‘unchi oqimlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgan iymon, tavhid, fiqh, kalom va shu kabi mavzulardagi tushunchalarni vatandoshimiz Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari orqali yoritib berish o‘ziga xos ahamiyatga ega. Hanafiy-moturidiylik ta’limotining asosiy manbasi hisoblangan ushbu asar, sof islom aqidasi amallari va ma’rifiy islomni o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘lib kelmoqda.
“Aqoid an-Nasafiy” asari 18 asr boshlaridan boshlab yevropalik islomshunos olimlarning tadqiqot obyektiga aylangan.
Masalan, ularning ta’kidlashicha, “Mazkur asar musulmon dunyosining qisqa va lo‘nda, ayni vaqtda eng ishonarli manbalardan biridir” deb e’tirof etadi.
Turk tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” kitobi bilan islom olamida shuhrat qozongan.
Yana bir nasaflik mutafakkir Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asari mazkur asar yozilishiga asosiy manba vazifasini bajargan.
Shu jihatdan olganda, islomshunos tadqiqotchilarning fikricha Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari: “Moturidiya ta’limotiga, shaklan esa, Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asariga asoslangan”, – deya ta’kidlaganlar.
Tatar islomshunoslarning ta’kidlashicha, tatar-musulmon madrasalarida eng ommabop asar Taftazoniyning sharhi bilan keltirilgan “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asaridir.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid” asariga yozilgan sharhlardan eng mashhuri va ommabopi Taftazoniyning “Sharh al-Aqoid” asaridir.
Hoji Halifaning “Kashf az-zunnun” asarida aytilishicha, “Aqoid an-Nasafiy” asariga Taftazoniy bilan bir vaqtda 50ga yaqin muallif tomonidan sharhlar hoshiyalar, nazmlar, taxrijlar va tadqiqlar yozilgan.
Yozilgan taxrijlar orasida Jaloluddin Suyutiyning “Taxriji” va Mullo Ali Qori Hanafiyning “Faroid al-qolaid ala ahadis al-aqoid” asari ham mashhur asarlardan biri sifatida bugungi kungacha e’tirof etib kelinadi.
Ular qatori Sa’duddin Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-Aqoid” asari har tomonlama eng mukammal sharh sifatida e’tirof etiladi.
Biror-bir islom diyoridagi bilim dargohlarini misol qilib olmaylik, ularning barchasida aqoid ilmini o‘rganish borasida Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-Aqoid”ga murojaat qilganliklarini guvohi bo‘lamiz.
Usmoniylar davlatida ham “Sharh al-Aqoid” asari madrasalarda rasman dastur asosida o‘qitilgan va bir necha marta usmoniylar davlati tiliga tarjima qilingan. Bularning barchasi, mazkur asarga nisbatan diniy-ijtimoiy tus berilganligidan dalolat beradi. Shundan aytish mumkinki, ko‘pchilik usmoniylar davlatidagi kalom ilmi vakillari o‘zlarining ilmiy ishlari va tadqiqotlarida “Sharh al-Aqoid”ga yaqindan yondoshganligi ma’lum bo‘ladi.
Hozirda ham Taftazoniyning mazkur asari ilmiy jamoatchilikni asrlar davomida e’tirofini qozonib kelmoqda.
Zamonaviy istilohda qo‘llanilayotgan “bestseller” darajadagi asar sifatida eng ko‘p chop etilgan kitoblar qatoridan o‘rin olgan. Bu kitob qo‘lyozma nusxalari ko‘pgina Yevropa kutubxonalarida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Ushbu asar asosan, Istanbul, Qohira va Hindistonda nashr etilgan. Qozon tatar musulmonlari jamoasida ham ushbu asarga qiziqish yuqori bo‘lgan va taxminan 15 marotaba nashr etilgan.
Asarning yozilishi tarixi va sabablari to‘g‘risida aytish mumkinki, Taftazoniy “Sharh al-aqoid”ning avval boshida aqida ilmi tarixi va unga bo‘lgan jamiyatdagi ijtimoiy zarurat to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadi. Islom dini paydo bo‘lgan davrda kishilik jamiyatidagi muhit musaffo va shaffof bo‘lganligi, ixtilofli va bahs-munozarali voqea-hodisalarning kamligi, aqidaviy masalalarga payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bevosita o‘zlari tomonidan yechim topilganligi ta’kidlab o‘tiladi.
Asar davomida mutafakkir islomdan ajralib chiqqan mu’taziliylar, jabariylar, qadariylar va karromiylar kabi botil firqalarning fikrlaridan iqtibos keltirib ularni tahlil qiladi. Ularga nisbatan sunniylik (ahli sunna va val jamoa e’tiqodida) raddiyalarini berib borgan.
Sa’duddin Taftazoniyning kalom ilmiga oid asarlari nafaqat tarixda, balki bugungi kunda uchrab turgan adashgan toifalarning noto‘g‘ri aqidalariga raddiya berishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi
“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda
uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!