Ma’lumki, dinimizda insonni saodatga yetishtirishning ko‘plab ko‘rsatmalari mavjud. Shunday amallardan biri – bu o‘z nafsini poklashidir. Inson qalbining xastaligi va uning sabablaridan o‘ta ziyraklik bilan ogoh bo‘lishga muhtoj. Nafsni har xil yomon yo‘llarga kirib ketishdan asrab, ertangi kunga nima hozirlab qo‘yayotganiga e’tibor qilgan inson chin baxt egasi hisoblanadi. Nafsini tarbiya qilmas ekan, oqibati ayanchli bo‘ladi.
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan olima-avliyolarimizning barchasi doimo nafsini tergab turgan. Hammasi yaxshiliklarning asosi – nafs tarbiyasi, yomonliklarniki – unga tobe bo‘lish ekanini ta’kidlagan.
Nafs mavzusi hamisha dolzarb mavzulardan bo‘lib, uning to‘g‘risida ko‘plab risolalar, hikmatli so‘zlar bitilgan.
Nafs tarbiyasi borasida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Darhaqiqat, uni (ya’ni o‘z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi” (“Shams” surasi, 9-oyat). Demak, taqvo bilan hayot kechirgan kishi saodatga erishar ekan.
Nafsni taqvo ila tarbiya qilish haqida hadisi sharifda bunday deyiladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, nafsimga taqvosini ber, Sen uning egasi va mavlosisan, uni poklaydiganlarning eng yaxshisisan”, der edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Nafsni dushmanlarning ichida ko‘rinmas dushmanga o‘xshatish mumkin. Bu xususda Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan bunday hadis keltiriladi: “Dushmanlarning ichida eng ashaddiy ichki dushman – o‘z nafsingdir”. Inson tafakkur qiladigan bo‘lsa, sirtdan kelayotgan dushmanni ko‘rishi va unga qarshi tayyorgarlik ko‘rishi mumkin. Lekin ichidagi dushmanini yengishi ancha mushkul. Chunki u insonning hamma sir-asroridan xabardor bo‘ladi. Insonni yomon ishlarga undaydi, gunohga targ‘ib etadi. Shu sababli har kim o‘z nafsini taftish qilib, uni kuzatishdan hargiz beporvo bo‘lmasligi kerak. Inson hayot ekan, nafs bilan bo‘lgan savol-javoblar va ba’zan g‘alayonlar sira ham to‘xtamaydi. Nafs tinimsiz tarbiyaga muxtoj, biroz bo‘sh qo‘ysa, darhol ishratga moyil qiladi. Nafs tufayli odam bolasi kayfu safoga, yomon xayollarga g‘arq bo‘ladi. Zero, insonning o‘z vujudini idora qiluvchi bir boshqaruvga ehtiyoji bordir. Nafs insonning shu ehtiyojini qondiradi.
Nafs insonga dushman ekani to‘g‘risida Sufyon Savriy bunday dedi: “O‘zimga nafsimdan ko‘ra ashaddiyroq dushmanni ko‘rmadim”. Abu Abbos Musiliy nafsiga qarata derdi: “Ey nafs, ne’matlarga burkangan boyvachchalar bilan bo‘lib, dunyodan nima topding? Oxirat g‘amida obidlar bilan ibodatlar qilding, yana nega norozisan? Men sen bilan go‘yo jannat va do‘zax orasida tutqundayman. Ey nafs, qachon fursatni g‘animat bilasan?” Demak, nafsini jilovlay olmaganlar bu dunyoga aldanib qolar, qimmatli vaqtini behuda narsalarga sarf etgan bo‘lar ekan.
Haqiqatan sabr bilan tarbiya qilinmagan nafs insonni har ko‘yga soladi. Nafs tinmasdan insonni ayshu-ishratga, mol-dunyoga, shariat harom qilgan narsalar iste’moli va hokazoga targ‘ib etadi. Bularni faqat sabr va kuchli iroda ila bartaraf qilish mumkin.
Nafs tarbiyasidan umidi bor inson, avvalo, kattayu kichik gunohlardan o‘zini asrashi, savobli amallarni ko‘paytirishi lozim. Zero, shayton uning ochiq dushmanidir. U nafsga qul bo‘lib, gunoh ishlarga undaydi. Inson toatda tanballik qilsa, oqibat gumrohlik bo‘ladi. Shu bois har kim o‘z ichki dushmani bilan doimo hisoblashib turishi kerak. Insonning o‘zi anglab yetishi mushkul bo‘lgan bir qancha dushmanlari bo‘lib, ular dunyo, shayton va nafsdir. Taqvo bilan dunyodan ehtiyot bo‘linadi.
Yaratgan barchamiz n i odobda go‘zal xulqda aylasin.
Kenjabek Soliyev,
Chust tumani "G‘oyib eronlar" jome
masjidi i mom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.
Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.
Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”
Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”
Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.
Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.
Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.