O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistraturasiga hujjat topshirgan abiteriyentlar shu yilning 29 avgust kuni Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti) mutaxassisligi bo‘yicha Aqoid va islom falsafasi fanidan, Teologiya (Hadis ilmlari) mutaxassisligi bo‘yicha Hadis va Mustalahul-hadis fanidan ijodiy imtihon topshiradilar. Shuningdek, 30 avgust kuni chet tili fanidan test sinovidan o‘tadilar.
Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimiga hujjat topshirgan abituriyentlar esa 30 avgust kuni ixtisoslik fanlari hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha test sinovi topshiradilar.
Imom Termiziy nomidagi islom institutiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun joriy yilning 29 avgust kuni Hadis va Mustalahul-hadis fani bo‘yicha ijodiy imtihon, 30 avgust kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Imtihonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida bo‘lib o‘tadi. Ijodiy imtihonlar soat 08:00 da, test sinovlari 06:30 da boshlanadi.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish jarayoni imtihonlar boshlanishidan yarim soat avval boshlanadi.
Hurmatli abituriyentlar, imtihonlarga kechikmagan holda, o‘z vaqtida ishtirok etishingizni so‘raymiz!
Ma’lumot o‘rnida: imtihon ruxsatnomalarini olish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati