Bugun, 26 avgust kuni Samarqandda “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” VIII xalqaro kongressi muvaffaqiyatli yakunladi. Mazkur nufuzli tadbirda 4 kun davomida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining joriy va kelajakka mo‘ljallangan rejalari, muhim loyihalari taqdimotlari bo‘lib o‘tgani uning amaliy ahamiyatini oshirdi.
Uch yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashgan kongressda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, xorijlik TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy Akademiyasi prezidenti, akademik Shayn Mustafoyev kabilar ham ishtirok etib, nutq so‘zladilar.
Bundan 7 yil muqaddam Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda Uchinchi uyg‘onish davri poydevorini barpo etish uchun katta asos bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ushbu markazga tashriflari chog‘ida majmuani ko‘rkam va sifatli qilib qurish bilan birga, uning mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, markaz xalqimizning ma’naviy qudrati qay darajada ekanini ko‘rsatish kerakligini ham alohida qayd etdilar.
Shu bois, ushbu muassasaga yurtimizning ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi va Islom dinining mazmun-mohiyatini keng yoyish kabi vazifalar yuklatildi.
O‘tgan davrda markazda ilmiy izlanishlar olib borildi, ajdodlarimizning asarlari tadqiq qilinib, tarjimalar amalga oshirildi. Birgina misol sifatida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, ilm maskanlariga yetkazib berildi. Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida ushbu anjuman kunlarida yana 10 ta yangi jild taqdimoti o‘tkazilgani quvonchli voqea bo‘ldi.
Xalqaro tadbirga tashrif buyurgan dunyoning 35 ta davlatidan 200 ga yaqin ishtirokchi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga oid muhim loyihalarni taqdim qildilar. Ayniqsa, IRSIKA, AYSЕSKO, TURKSOY, «al-Furqon» jamg‘armasi rahbarlari, Xalkaro Turk akademiyasi, Arab davlatlari ligasi va boshqa xalkaro tashkilotlar vakillari takliflari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Xalqaro kongress doirasidagi mazkur markaz faoliyatini rivojlantirish, nodir qo‘lyozma va asarlarni targ‘ib etish borasidagi taklif-tavsiyalar, ma’ruza va tashabbuslar ma’naviy taraqqiyotga hissa qo‘shadi. Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan fikr-mulohazalar asosida bu markaz zamonaviy jihozlanadi, ma’naviy jihatdan ziynatlanadi hamda eksponatlar bilan boyitilib, insonlar ruhiy oziqa va madaniy-ma’rifiy bilim oladigan muhtasham maskanga aylanadi, insha Alloh.
Darhaqiqat, markazda ajdodlarimizning asarlari tadqiq etiladi, tarjimalari amalga oshiriladi, kitoblar chop etiladi. Ushbu maqsadda mahalliy va xorijiy eng yetakchi olimlar, mutaxassislar va ilmiy izlanuvchilari jalb qilinadi.
Majmuaning qurilish ishlari nihoyalanib, to‘laqonli ish boshlashi aholimiz uchun ham, dunyo xalqlari uchun ham ulkan tarixiy voqeaga aylanishi, shubhasizdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.