Hikmat – mo‘minning yo‘qotgani
Solihlar xato qilmaydi deb o‘ylaysizmi? Ular ham xato qilishadi. Ammo boshqalar kabi ayblarini ovoza qilib jar solishmaydi. Balki istig‘for aytib, xatolariga boshqa qaytmaslikka, uning ortidan yaxshiliklarni ko‘paytirishga intilishadi. Zero, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Ummatimning barchasi – ofiyatda (omonlikda), faqat gunohlarini oshkor qiluvchilar bundan mustasno” (Imom Buxoriy rivoyati).
* * *
“Samolyotda, uni boshqarayotgan uchuvchini tanimasangiz-da, xotirjam bo‘lasiz. Kemada esa, kapitanni tanimasangiz-da, xotirjamsiz. Lekin hayotingizni Alloh boshqarayotganini bilsangiz-da, nega xotirjam bo‘lmaysiz?”
* * *
Yo‘qotaman deb o‘ylamagan narsangizni Alloh olib qo‘ysa, bilingki, yaqinda topaman deb o‘ylamagan narsangizni beradi.
* * *
Allohga, sizga nimadir berishi uchun emas, balki rozi bo‘lishi uchun ibodat qiling! Agar U rozi bo‘lsa, beradigan narsalari bilan sizni lol qoldiradi.
* * *
Agar zolim kimsa mazlumga Alloh qanday ne’matlar tayyorlab qo‘yganini bilganida, mazlumga zulmini ham qizg‘ongan bo‘lar edi.
* * *
O‘zingiz yomon ko‘rgan kimsadan yiroq bo‘ling, yolg‘ondan xushmuomalalik qilmang. Xijolat bo‘lib, har aytganiga muvofiq bo‘lmang. Alloh taolo bu jonni azoblashingiz uchun bermagan.
* * *
Aqlli va fikrli insonlar dinni dinning o‘zidan olishadi, dindorlardan emas.
* * *
Ichingizdan sof, toza niyatli bo‘lsangiz, Alloh taolo o‘zingiz bilmagan tarafdan nur berib qo‘yadi; o‘zingiz bilmagan holda insonlarni sizga muhabbatli qilib qo‘yadi; so‘ragan narsalaringiz o‘ylamagan tarafingizdan kela boshlaydi.
Pok niyat sohibi mustasnolarsiz barchaga yaxshilikni istaydigan kishidir. Unutmang, o‘zgalarning baxtli bo‘lishi sizning baxtingizni tortib olmaydi, boy bo‘lishi sizni faqir qilib qo‘ymaydi, sihat-salomatligi kasalingizni ziyoda qilmaydi.
Faqat pok niyat sohibi bo‘ling, qalbingiz sof-toza bo‘lsin!
Shayx Mutavalliy SHA’ROVIY rahimahulloh
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.