Hidoyat sari
Hojilar ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarida faol qatnashmoqda
Bugungi kunda mamlakatimiz rivojlanishining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash dolzarb masalalardan biri. Hozirgi murakkab davrda adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yiqilganni suyash, mehr-oqibat ko‘rsatish, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, tinch-osoyishta hayotimizning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mana shunday savobli ishlarda nuroniylar, mahalla faollari, imom-xatiblar, muborak haj ziyoratidan qaytgan otaxonu onaxonlarning o‘rni benihoya kattadir.
Islomning barcha — besh ruknini bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik — alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. U ham jismonan, ham ruhan bajariladigan ulug‘ ibodat. Bu haqda Qur’oni karimda: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat), deya marhamat qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek (begunoh) qaytadi” (Buxoriy rivoyati), deganlar.
Bu yil yurtimizdan o‘n besh ming yurtdoshimiz ana shunday baxtga muyassar bo‘ldi. Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida hamyurtlarimiz uchun barcha sharoit hozirlangani, 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar va boshqa ko‘makchilar ular xizmatida bo‘lgani hojilarimizning haj ibodatini bekamu ko‘st ado etishiga zamin yaratdi.
E’tiborlisi, bu yilgi haj mavsumida tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Prezident haj mavsumi jarayonlari, vatandoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘ragani barchani cheksiz mamnun etdi.
Davlat rahbari suhbat asnosida yurtdoshlarimizning muqaddas haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi. O‘zbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirdi.
O‘z navbatida, yurtimizdan borgan hojilar muftiy boshchiligida Arafot vodiysida turib, Vatanga qaytgach, o‘z mahallalarida yosh avlod tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirib, murojaat qabul qilgan edi.
Bugungi kunda bu so‘zlar amalda o‘z isbotini topmoqda. Hadisi sharifda ta’kidlangan: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), so‘ziga amal qilib, hojilar xalqimiz manfaati yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab 11 ming nafardan oshiq hojilar o‘z hududidagi imom-xatib, mahalla faollariga ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak zarur bo‘lgan oilalar holidan xabar olinib, ularga har tomonlama yordam berilmoqda. Shu vaqtga qadar 17 566 ta ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, minglab fuqarolar qamrab olindi.
Natijada oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi turli masalalarni ijobiy hal etishga erishildi. O‘nlab fuqarolar ishga joylandi. Mazkur davr mobaynida 155 dan oshiq uy-joylar ta’mirdan chiqarildi. Ehtiyojmand oilalarga 946 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, bir milliard so‘mdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
E’tiborlisi, katta hayot tajribasiga ega hoji ota, hoji onalarning fidoyiliklari o‘z samarasini bermoqda. Ularning bunday sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshmoqda. Bunday e’tibordan yurtdoshlarimiz ham minnatdor bo‘lib, o‘z tashakkurlarini izhor etayotganidan bilish mumkinki, yurtimizda inson qadri tobora yuksalmoqda.
Mana, qariyb bir oy mobaynida, yoshlar tarbiyasi, oilalar totuvligi, adashgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, qo‘yingki, inson manfaatlariga xizmat qiladigan, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shadigan har qanday ish borki, albatta, bu jarayonda hojilarning sa’y-harakatlari, yo‘l-yo‘riq va tavsiyalari barchaga manzur bo‘lmoqda.
Bunday ezgu tashabbus va xayrli amallar ortar ekan, ularning fayzu barokatidan elu yurt yanada farovon, tinch-osoyishta bo‘ladi, insha Alloh.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:
﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾
“Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir” (Sod surasi, 29-oyat).
﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾
“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).
Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).
Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.
Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim”, dedi.
Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha shunday”, deb javob berdilar.
“Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi”.
“Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling!” oyati sochimni oqartirdi”, dedilar.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.
Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.
Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD