Bugun, 29 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishiga va yangi ochilgan Imom Termiziy nomidagi islom institutiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov hamda o‘qituvchi va abituriyentlar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Marosim Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Co‘ngra so‘zga chiqqan notiqlar yurtimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ko‘lamli ishlar, xususan, oliy ta’limdan keyingi magistratura bosqichi ochilgani, oliy diniy ta’lim muassasalari soni yana bittaga ko‘paygani va kelgusidagi rejalar borasida so‘z yuritdi. Shuningdek, abituriyentlarga imtihon topshirish tartib-qoidalari tushuntirildi.
Shundan so‘ng Toshkent islom institutining magistratura bosqichi va Imom Termiziy nomidagi islom institutiga kirish uchun ijodiy imtihonlar boshlandi.
Mazkur jarayonga Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Fatvo markazining tajribali mutaxassis va ustozlari jalb qilingan.
Ma’lumot o‘rnida abituriyentlar ertaga, 30 avgust kuni soat 6:30 chet tili fanlari bo‘yicha test sinovlarini topshiradi. Imihonlarga kirish 30 daqiqa oldin boshlanadi.
Bahriddin Xushboqov,
Farrux Yo‘ldoshev (surat)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.
"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan