Bugun, 29 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishiga va yangi ochilgan Imom Termiziy nomidagi islom institutiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov hamda o‘qituvchi va abituriyentlar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Marosim Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Co‘ngra so‘zga chiqqan notiqlar yurtimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ko‘lamli ishlar, xususan, oliy ta’limdan keyingi magistratura bosqichi ochilgani, oliy diniy ta’lim muassasalari soni yana bittaga ko‘paygani va kelgusidagi rejalar borasida so‘z yuritdi. Shuningdek, abituriyentlarga imtihon topshirish tartib-qoidalari tushuntirildi.
Shundan so‘ng Toshkent islom institutining magistratura bosqichi va Imom Termiziy nomidagi islom institutiga kirish uchun ijodiy imtihonlar boshlandi.
Mazkur jarayonga Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Fatvo markazining tajribali mutaxassis va ustozlari jalb qilingan.
Ma’lumot o‘rnida abituriyentlar ertaga, 30 avgust kuni soat 6:30 chet tili fanlari bo‘yicha test sinovlarini topshiradi. Imihonlarga kirish 30 daqiqa oldin boshlanadi.
Bahriddin Xushboqov,
Farrux Yo‘ldoshev (surat)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengash hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan poytaxtda bunyod etilayotgan megaloyiha muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
Kengash uchrashuvida quyidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;
“O‘zbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazmani tashkil etish;
“Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish;
“1001 kashfiyot” bolalar ko‘rgazmasini o‘tkazish;
“114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;
Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar taqdimoti shular jumlasidandir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati