Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Bobomning adolati

30.08.2024   4119   2 min.
Bobomning adolati

Bobo-buvim hayotligida qishlo­g‘imizdan ko‘pchilik turli ma­salalar yuzasidan biznikiga mas­lahat so‘rab kelishi hanuz esimda. Ayniqsa, qiz chiqarmoqchi, o‘g‘il uylan­tirmoqchi bo‘lganlarning aksari ulardan bemaslahat ish qilmasdi. Qarindoshlarning biror ma’raka-to‘yi ularsiz o‘tmasdi. Chunki ular bosh bo‘lgan biror oilada gap qochmagan.

Bir kuni bir hamqishlog‘imiz qizini chiqarmoqchi bo‘lib maslahatga keldi. Kimga quda bo‘layotgani aytganida, bobom ularni uncha xushlamadi. Buvim bir so‘z bilan “bo‘lmaydi” dedi. Mehmon ularning o‘ziga to‘q va boshqa sifatlarini maqtay ketdi. Shundan so‘ng ular “O‘zingiz bilasiz, bizga ma’qul emas”, deyishdi. Lekin tez orada to‘y bo‘lib o‘tdi.

Bobo-buvimning hayot tajribasi o‘z so‘zini aytdi. Ko‘p o‘tmay, yosh oila buzildi. Quda tomon “qiz tengimiz emas ekan”, deb uyiga qaytarib yubordi. “Qari bilganni pari bilmas” degan naql bejiz aytilmagan...

Bugun ham nikoh to‘ylarimiz duogo‘y, yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlar bilan bamaslahat qilinsa, balki ajrimlar kamayarmidi?!.

* * *

Bolalik chog‘ida bobo-buvilarimizning o‘ziga xos tarbiya uslubi butun umr yodda qolar­kan. Kunlarning birida uch aka-uka qo‘shni bolalar bilan janjallashib qoldik. Ular ikki kishi bo‘lgani uchun yengildi. Biz g‘olib bo‘ldik. Bu ishimiz bobomning qulog‘iga yetgach dakki eshitdik. “Senlar uch kishi bo‘lib, ikki kishini urasanlar” deya adolat tushunchasidan saboq bergandi. Bobom biz yolg‘on gapirsak yoki biror nojo‘ya ish qilsak, bir-ikki og‘iz so‘z bilan esdan chiqmas tarbiya berib qo‘yardi.

Buvim ko‘p xalqona she’ru qo‘shiqlar o‘rgatsa, bobom turli kalimalarni o‘r­gatardi. Keyin aqlimni tanib bildimki, bobom bizga bu kalimalarni bejiz o‘rgatmagan ekan. Chunki ular iymon kalimalari bo‘lib, kishini ikki dunyo saodatiga boshlovchi yo‘l ekan.

Xo‘sh, bugun biz ota bo‘lib, farzandla­rimiz­ga nimani o‘rgatyapmiz, qanday tarbiya ber­yapmiz?.

Mo‘min QOBIL

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

02.05.2025   2507   1 min.
Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.

Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.

Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar