Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
30 avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yig‘ilganlarni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida yurakdan so‘zladi.
– Biz nima uchun mehnat qilayapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxtu kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga o‘xshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman, – dedi Prezident.
Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Shaharu qishloqlar qiyofasi, barcha soha va tarmoqlar tubdan o‘zgarmoqda. Iqtisodiyot, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Bularning natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda.
Mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘liga chiqib olganini dunyo ham e’tirof etayapti. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyutsiyalari qabul qilindi. Yirik siyosiy va iqtisodiy forumlarda ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan qabul qilindi va qo‘llab-quvvatlandi.
Uzoq va yaqin davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, turizm va investitsiya, madaniy-gumanitar sohalarda foydali bitimlar imzolandi. Yurtimizda xalqaro darajadagi nufuzli anjumanlar bo‘lib o‘tdi. San’at va madaniyat festivallari, Olimpiya o‘yinlaridagi tarixiy g‘alaba ham ulkan e’tiroflarga sazavor bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunyodkor xalq, bag‘rikeng millat sifatida jahon maydoniga chiqdik.
Davlatimiz rahbari bularning barchasi xalqimizning yutug‘i ekanini ta’kidladi.
– Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun Vatanimizga jonkuyar, o‘zini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yanada ko‘proq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi ko‘zlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Uchrashuvda bugun dunyodagi vaziyat, unda oqilona yo‘l topish mashaqqati haqida ham so‘z yuritildi. Shiddat bilan o‘zgarayotgan davr mamlakatlar, xalqlar, insonlar oldiga yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Butun dunyoda raqobat, ertangi kun uchun kurash ketyapti. Shunga tayyor millat, shunga tayyor xalqgina Vatani va davlatini munosib o‘ringa ko‘tara oladi.
Kelajakda global dunyoda O‘zbekistonning o‘rni qanday bo‘ladi? Biz o‘z mehnatimiz, bilimimiz, dunyoqarashimiz bilan el-yurtga qanchalik naf bera olayapmiz? Bu savollar hammamizni o‘ylantirishi kerak.
Mustaqillik bizga chinakam qadr-qimmat, insoniy g‘urur tuyg‘usini berdi. Shu bilan birga, mustaqillik – bu, avvalo mas’uliyat degani. O‘z taqdiri, o‘z kelajagini o‘zi belgilash, obod va ozod Vatan qurish mas’uliyati.
Bugungi yutuqlar biz uchun chegara emas. Xalqimiz bundan-da yaxshi yashashga munosib, katta ishlarga qodir. Agar hammamiz “bir musht” bo‘lib, o‘z vazifamizni vijdonan bajarsak, islohotlarda tomoshabin emas, faol ishtirokchi bo‘lsak, ko‘zlangan maqsadlarga albatta yetamiz. Buning uchun bizda sharoit, imkoniyat, kuch-qudrat, salohiyat yetarli ekani ta’kidlandi.
Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan vatandoshlarimizni ham tabrikladi.
– Mukofot aslida nima? Mukofot – bu avvalo inson qadrini ulug‘lash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan e’tirof etilsa, bundan uning o‘zi, oilasi, do‘stlari, mahalla-ko‘y, qolaversa, el-yurt ham xursand bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom ko‘rsatish, – dedi davlat rahbari.
Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
– Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, men ham mukofotlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.
Manba: President.uz
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV