Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447
Yangiliklar

Prezident: Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman

30.08.2024   7641   4 min.
Prezident: Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.

30 avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yig‘ilganlarni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida yurakdan so‘zladi.

– Biz nima uchun mehnat qilayapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxtu kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga o‘xshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman, – dedi Prezident.

Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Shaharu qishloqlar qiyofasi, barcha soha va tarmoqlar tubdan o‘zgarmoqda. Iqtisodiyot, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Bularning natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda.

Mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘liga chiqib olganini dunyo ham e’tirof etayapti. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyutsiyalari qabul qilindi. Yirik siyosiy va iqtisodiy forumlarda ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan qabul qilindi va qo‘llab-quvvatlandi.

Uzoq va yaqin davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, turizm va investitsiya, madaniy-gumanitar sohalarda foydali bitimlar imzolandi. Yurtimizda xalqaro darajadagi nufuzli anjumanlar bo‘lib o‘tdi. San’at va madaniyat festivallari, Olimpiya o‘yinlaridagi tarixiy g‘alaba ham ulkan e’tiroflarga sazavor bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, bunyodkor xalq, bag‘rikeng millat sifatida jahon maydoniga chiqdik.

Davlatimiz rahbari bularning barchasi xalqimizning yutug‘i ekanini ta’kidladi.

– Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun Vatanimizga jonkuyar, o‘zini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yanada ko‘proq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi ko‘zlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Uchrashuvda bugun dunyodagi vaziyat, unda oqilona yo‘l topish mashaqqati haqida ham so‘z yuritildi. Shiddat bilan o‘zgarayotgan davr mamlakatlar, xalqlar, insonlar oldiga yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Butun dunyoda raqobat, ertangi kun uchun kurash ketyapti. Shunga tayyor millat, shunga tayyor xalqgina Vatani va davlatini munosib o‘ringa ko‘tara oladi.

Kelajakda global dunyoda O‘zbekistonning o‘rni qanday bo‘ladi? Biz o‘z mehnatimiz, bilimimiz, dunyoqarashimiz bilan el-yurtga qanchalik naf bera olayapmiz? Bu savollar hammamizni o‘ylantirishi kerak.

Mustaqillik bizga chinakam qadr-qimmat, insoniy g‘urur tuyg‘usini berdi. Shu bilan birga, mustaqillik – bu, avvalo mas’uliyat degani. O‘z taqdiri, o‘z kelajagini o‘zi belgilash, obod va ozod Vatan qurish mas’uliyati.

Bugungi yutuqlar biz uchun chegara emas. Xalqimiz bundan-da yaxshi yashashga munosib, katta ishlarga qodir. Agar hammamiz “bir musht” bo‘lib, o‘z vazifamizni vijdonan bajarsak, islohotlarda tomoshabin emas, faol ishtirokchi bo‘lsak, ko‘zlangan maqsadlarga albatta yetamiz. Buning uchun bizda sharoit, imkoniyat, kuch-qudrat, salohiyat yetarli ekani ta’kidlandi.

Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan vatandoshlarimizni ham tabrikladi.

– Mukofot aslida nima? Mukofot – bu avvalo inson qadrini ulug‘lash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan e’tirof etilsa, bundan uning o‘zi, oilasi, do‘stlari, mahalla-ko‘y, qolaversa, el-yurt ham xursand bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom ko‘rsatish, – dedi davlat rahbari.

Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

– Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, men ham mukofotlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.

Manba: President.uz
 

Prezident: Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman Prezident: Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman Prezident: Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   9401   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).