Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan yangidan qurib bitkazilgan masjidning ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev va Urganch tumani hokimi G‘.Sultonov va "Imom Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Davronbek domla Abduqodirov, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini Allohdan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqlariga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 1000 nafardan ziyod namozxonga mo‘ljallangan yangi masjid namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratilgan. Ibodatlarning ulug‘laridan biri namoz amalini durust bo‘lishi tahoratga bog‘liq. Namozda tahorat to‘liq va mukammal bo‘lishi kerak. Tahorat masalasi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab hukmlar kelgan.
Xususan ajdodimiz, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh ham o‘zlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asarida alohida bo‘lim ochib unga «Tahorat kitobi» deb nom bergan. Va eng avval bobni tahorat haqida kelgan Moida surasining “Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar” degan 6-oyatini keltirgan. Va davomida “Nabiy alayhissalom tahoratni bir marta, ikki marta va uch marta qilinishini bayon qildilar”, degan.
Keyin esa “Tahoratsiz namoz qabul bo‘lmaydi” deb ikkinchi bobga nom berdi va unda Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirdi. U hadisni Imom Buxoriyga ustozi Is'hoq ibn Ibrohim Hanzaliy aytdi, unga Abdurrazzoq, unga Ma’mar, unga Hammom ibn Munabbih aytdi, u Abu Hurayradan eshitgan. Abu Hurayra aytadi: “Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam marhamat qilib, betahorat kishi tahorat qilmagunicha namozi qabul qilinmaydi, dedilar. Bir kishi shu vaqtda “Ey Abu Hurayra, tahoratni nima sindiradi?" dedi. U zot, ovozli va ovozsiz yel", dedilar.
Hadisda “qabul bo‘lmaydi” deyildi. Alloma Ibn Hajar rahimahulloh, bu yerdagi namoz qabul qilinmasiligi “qabuli isobat” topilmagani uchundir, deganlar. Ya’ni, namoz fiqhiy qoidalar asosida ado qilinmagan, sababi namozni sharti bo‘lgan tahorat bo‘lmagani uchun ibodat qabul bo‘lmaydi.
Aslida “qabul” so‘zi Alloh taolo qabul qilgan amalga ishlatiladi. Namozxon ibodatni “qabuli isobat” bilan, ya’ni fiqhiy qoidalar asosida ado qilgan bo‘lsa-da, unga riyo aralashtirsa, Alloh qabul qilmagan bo‘ladi, bunda “qabuli ijobat” topilmagan hisoblanadi.
Matndagi “la tuqbalu – qabul qilinmaydi” degan jumlani “qabuli isobat” yoki “qabuli ijobat” deb taqsimlashga hojat yo‘q. Chunki “la tuqbalu” “mardud” ma’nosida, ya’ni namoz tahoratsiz rad qilinadi, deganidir.
Hadisda Abu Hurayra tahoratni buzadigan ikki narsani sanadi, u zotning nazdida shu ikkovigina tahoratni buzadimi, deyilsa, bunga ulamolar javob berishadi:
Birinchi ehtimol: Ha, faqat shu ikkisi bo‘lishi mumkin;
Ikkinchi ehtimol: Alomma Kashmiriy aytadi, bu savol-javob masjidda bo‘lgan. Masjidda esa tahorat sinishi shu ikkisi bilan bo‘ladi. Va yana odamlarni nazdida bu ikkisi tahorat sindiradigan narsa emas, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Shu ikkinchi ehtimol ulamolar nazdida birinchi ehtimoldan rojih – afzalroq.
Demak, tahorat namozni durust yo nodurust bo‘lishiga sabab bo‘lib, har bir namozxon tahoratga katta e’tibor qaratish lozim.
Abdulbosit Meliboyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.