Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Men qo‘limda doim tasbeh aytaman. Lekin “Ibodati Islomiya” kitobining 108-betida qo‘lda tasbeh aytish makruh amal deyilganini o‘qib qoldim. Shu gapni kengroq tushuntirib bersangiz? Aytib yuradigan tasbihlarimizni qo‘lda sanashimiz mumkin emasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz mazkur kitobning namozning makruhlari bobidagi oyat va tasbehlarni barmoq bilan sanash haqidagi gapni aytyapsiz. Bu makruhlik siz tushungandek namozdan keyin yoki boshqa vaqtlarda ham qo‘lda tasbih aytish emas, balki namoz o‘qiyotganda, ya’ni “Allohu akbar” deb namozni boshlab, salom berguncha bo‘lgan jarayonda o‘qiyotgan oyat yoki ruku, sajda tasbihlarini barmoq bilan sanash makruhdir. Masalan, namozdan keyin 33 martadan aytiladigan zikrlarni qo‘l yoki tasbihlar yordamida sanash aslo makruh bo‘lmaydi.
“Hatto nafl namoz bo‘lsa ham, namoz ichida oyat, sura va tasbihlarni qo‘lda sanash tanzihiy makruhdir. Lekin namoz tashqarisida bunday qilish makruh emas” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.