Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
“Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!” dedim.
“Shunday. Men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman”, dedilar.
“Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaydir-da?” dedim.
“Shunday. Xuddi shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, biror tikan kirsa ham, albatta, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi”, dedilar u zot” (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemorlikni boshqalarga nisbatan ikki hissa og‘ir kechirgan ekanlar. Shunday holatda ham sabr qilishni, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lish kerakligini bizlarga ta’lim berib, bemor holatda ham biz ummatlar uchun muborak hadislarini rivoyat qilganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nafaqat bemor vaqtlarida, balki hayotlarining har bir davrini sabr bilan o‘tkazardilar.
Nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunchalik aziyatlarga sabr qilardilar, dushmanlarning adabini berib qo‘ysalar bo‘lardi-ku? (Buni ikki kishidan biri o‘qiydi).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu aziyatlarga javob bermasliklari va sabr qilishlari u zotning zaif bo‘lganlari yoki ulardan qo‘rqqanlari yoki ular bilan tortishishdan hayiqqanlari uchun emas, balki ularga rahm qilganlari, kechirimlari ularga ta’sir qilib, Haq yo‘ldan yurishlarini umid qilganlari sababidan edi.
Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng xos sifatlari qaysi deb so‘rasangiz, albatta, bu rahmat sifatidir. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni aynan mana shu sifat ila maqtagan: “Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat),
“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men la’natlovchi bo‘lib emas, rahmat bo‘lib yuborildim”, deganlar.
Davron NURMUHAMMAD