Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446
Maqolalar

Dushmanga ham mehribon bo‘lgan RASULIM ﷺ

5.09.2024   2865   3 min.
Dushmanga ham mehribon bo‘lgan RASULIM ﷺ

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.

“Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?! dedim.

Shunday. Men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman, dedilar.

Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaydir-da? dedim.

Shunday. Xuddi shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, biror tikan kirsa ham, albatta, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi, dedilar u zot” (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemorlikni boshqalarga nisbatan ikki hissa og‘ir kechirgan ekanlar. Shunday holatda ham sabr qilishni, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lish kerakligini bizlarga ta’lim berib, bemor holatda ham biz ummatlar uchun muborak hadislarini rivoyat qilganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nafaqat bemor vaqtlarida, balki hayotlarining har bir davrini sabr bilan o‘tkazardilar.

  • mehribon otalarini ko‘rmay dunyoga kelib, voyaga yetganlarida;
  • olti yoshga to‘lganlarida mushtipar Onalari jon taslim qilsa-yu, lekin qo‘llaridan hech narsa kelmay termulib turganlarida,
  • “ota-onam ham, bobom ham siz” deb suyangan bobolaridan judo bo‘lganlarida;
  • o‘smirlik davrlarida o‘sha davr yoshlari shug‘ullanadigan o‘yin-kulgi va bekorchiliklardan uzoq bo‘lgan holda hayot kechirganlarida;
  • yelkadoshlari, umr yo‘ldoshlari, suyukli mahbubalari hamda himoyachilari bo‘lgan amakilaridan ayrilganlarida;
  • toifliklar toshlar otib, kavushlarining ichi qonga to‘lganda;
  • qavmlari u zotga turli aziyatlar berib, o‘z yurtlarini tashlab hijrat qilganlarida;
  • Uhud jangida, amakilari hazrat Hamzaning vafot etganida;
  • ikki yoshga yaqinlashgan jajji farzandlari Ibrohim so‘nggi nafaslarini olayotganini ko‘rganlarida;
  • sajda qilayotganlarida tuyaning ichak-chavoqlarini u zotning ustilariga ag‘darishganida,
  • "menga o‘lja bermading", deb yoqalaridan olib bo‘g‘ganida, bir ayol zaharli go‘sht berganida Rasululloh alayhissalom bularning barchasiga go‘zal sabr qilar, aziyatlarga yaxshilik bilan javob qaytarar edilar. U zot hattoki, suiqasd payida yurganlarni ham Alloh taolo hidoyatga boshlashini umid qilar edilar.

Nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunchalik aziyatlarga sabr qilardilar, dushmanlarning adabini berib qo‘ysalar bo‘lardi-ku? (Buni ikki kishidan biri o‘qiydi).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu aziyatlarga javob bermasliklari va sabr qilishlari u zotning zaif bo‘lganlari yoki ulardan qo‘rqqanlari yoki ular bilan tortishishdan hayiqqanlari uchun emas, balki ularga rahm qilganlari, kechirimlari ularga ta’sir qilib, Haq yo‘ldan yurishlarini umid qilganlari sababidan edi.

Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng xos sifatlari qaysi deb so‘rasangiz, albatta, bu rahmat sifatidir. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni aynan mana shu sifat ila maqtagan: “Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat),

“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men la’natlovchi bo‘lib emas, rahmat bo‘lib yuborildim”, deganlar.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

8.01.2025   1799   1 min.
Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).


Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:

- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.