Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Qiz tarbiyalaganga ulug‘ bashorat bor

05.09.2024   4117   2 min.
Qiz tarbiyalaganga ulug‘ bashorat bor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sochlariga oq oralab, peshonasiga ajin tushgan bir kishi ora-sira masjidga kelib, jamoatdan duo so‘rardi: “Farzand talabidaman, jamoat bilan duo qilsangizlar...”

Bir kuni shu odam: “Domla, farzand so‘rab qilinadigan duo­lar bormi? Menga o‘rgating”, deb qoldi. Men unga oyatlarda kelgan duolarni, ularning ma’nolarini o‘rgatib, duo qilish odoblari va Allohdan umidni uzmaslik haqida bilganimcha tushuntirdim.

Bir yilcha o‘tib, haligi odam qo‘lida chaqaloq bilan ko‘zlari sevinchga to‘lib kirib keldi: “Domla, Alloh menga farzand berdi! Qizli bo‘ldim!..” dedi. Uning xursandchiligidan biz ham quvondik.

– Allohga shukr! Bunga sizning duo va maslahatlaringiz tufayli erishdik. Qulog‘iga azon aytib, xayrli duolar qilasiz deb chaqaloqni to‘g‘ri oldingizga olib kelaverdim.

Faoliyatim davomida ko‘p otalarni ko‘rganman, lekin qizli bo‘lib bunchalik sevingan otani hali uchratmagandim. U hamma otalardan ko‘ra baxtliroq edi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kimning huzurida bir qiz bo‘lsayu uni tiriklay ko‘mib yubormagan, tahqirlamagan va o‘g‘lini undan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, Alloh uni jannatga kiritadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Alloh taoloning huzurida qiz bolaning qadri ulug‘. Afsus, buni ko‘pchiligimiz anglab yetmaymiz. Oramizda qiz farzand ko‘rganidan xafa bo‘ladigan otalar, kelinini ayblaydigan qaynonalar uchrab turadi. Nahot ular farzandning o‘g‘il yo qiz bo‘lishi bandasining qo‘lida emasligini tushunib yetishmasa?! Axir Qur’oni karimda: «Osmonlaru Yerning podshohligi Allohnikidir. U Zot xohlagan narsasini yaratur. U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qud­ratlidir», deb marhamat qilmaganmi?! (Sho‘ro surasi, 49–50-oyatlar.)

Albatta, qiz bolani iymon-e’tiqodli, taqvoli va soliha qilib tarbiyalash oson ish emas. Bu ota-onadan katta mas’uliyat va e’tibor talab etadi. Agar buning uddasidan chiqsa, unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ulug‘ bashorat bor: “Qizlarni tarbiyalash bilan imtihon qilingan kishiga o‘sha qizlari jahannamdan parda bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).

Yana ikki yil o‘tib, haligi insonning oilasida xursandchilik bo‘ldi: Alloh unga ikki o‘g‘il hadya etdi. Ne’matlarga shukr qilgan edi, Alloh yana ziyoda qildi.

Bu voqea xotini qiz tuqqanida g‘azablanib, uni ota-onasinikiga jo‘natib yuboradiganlar uchun ulkan ibratdir.

Abdurahmon ASQAROV,

Toshkent shahridagi
“Katta Qozirabot”
jome masjidi
imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

13.06.2025   8249   2 min.
Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.

Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.

Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan