Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sochlariga oq oralab, peshonasiga ajin tushgan bir kishi ora-sira masjidga kelib, jamoatdan duo so‘rardi: “Farzand talabidaman, jamoat bilan duo qilsangizlar...”
Bir kuni shu odam: “Domla, farzand so‘rab qilinadigan duolar bormi? Menga o‘rgating”, deb qoldi. Men unga oyatlarda kelgan duolarni, ularning ma’nolarini o‘rgatib, duo qilish odoblari va Allohdan umidni uzmaslik haqida bilganimcha tushuntirdim.
Bir yilcha o‘tib, haligi odam qo‘lida chaqaloq bilan ko‘zlari sevinchga to‘lib kirib keldi: “Domla, Alloh menga farzand berdi! Qizli bo‘ldim!..” dedi. Uning xursandchiligidan biz ham quvondik.
– Allohga shukr! Bunga sizning duo va maslahatlaringiz tufayli erishdik. Qulog‘iga azon aytib, xayrli duolar qilasiz deb chaqaloqni to‘g‘ri oldingizga olib kelaverdim.
Faoliyatim davomida ko‘p otalarni ko‘rganman, lekin qizli bo‘lib bunchalik sevingan otani hali uchratmagandim. U hamma otalardan ko‘ra baxtliroq edi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kimning huzurida bir qiz bo‘lsayu uni tiriklay ko‘mib yubormagan, tahqirlamagan va o‘g‘lini undan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, Alloh uni jannatga kiritadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taoloning huzurida qiz bolaning qadri ulug‘. Afsus, buni ko‘pchiligimiz anglab yetmaymiz. Oramizda qiz farzand ko‘rganidan xafa bo‘ladigan otalar, kelinini ayblaydigan qaynonalar uchrab turadi. Nahot ular farzandning o‘g‘il yo qiz bo‘lishi bandasining qo‘lida emasligini tushunib yetishmasa?! Axir Qur’oni karimda: «Osmonlaru Yerning podshohligi Allohnikidir. U Zot xohlagan narsasini yaratur. U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qudratlidir», deb marhamat qilmaganmi?! (Sho‘ro surasi, 49–50-oyatlar.)
Albatta, qiz bolani iymon-e’tiqodli, taqvoli va soliha qilib tarbiyalash oson ish emas. Bu ota-onadan katta mas’uliyat va e’tibor talab etadi. Agar buning uddasidan chiqsa, unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ulug‘ bashorat bor: “Qizlarni tarbiyalash bilan imtihon qilingan kishiga o‘sha qizlari jahannamdan parda bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).
Yana ikki yil o‘tib, haligi insonning oilasida xursandchilik bo‘ldi: Alloh unga ikki o‘g‘il hadya etdi. Ne’matlarga shukr qilgan edi, Alloh yana ziyoda qildi.
Bu voqea xotini qiz tuqqanida g‘azablanib, uni ota-onasinikiga jo‘natib yuboradiganlar uchun ulkan ibratdir.
Abdurahmon ASQAROV,
Toshkent shahridagi
“Katta Qozirabot”
jome masjidi
imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillahir Rohmanir Rohim
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.
Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.
Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.
Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.
Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.
Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.
Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.
Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.
Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:
– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;
– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;
– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;
– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;
– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;
– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;
– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;
– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.
Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.
Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.
Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Hurmat va kamoli ehtirom ila,
O‘zbekiston hojilari,
Makka shahri Arafot vodiysi,
2025 yil 5 iyun