Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ha, aynan 21 kun... Ishonmaysizmi? Keling, sinab ko‘ramiz. Buning uchun o‘zingizga eng oson va qulay bo‘lgan biror ibodat turini tanlang. Masalan, zikr qilish, nafl namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish yoki ehson-sadaqa qilish.
Qanday ibodat turini tanlashingiz muhim emas. Eng muhimi – o‘zingiz tanlagan solih amalni 21 kun davomida qoldirmay bajarishingizdir. Har kuni muntazam ravishda bajarishni unutmang! Agar unutib qo‘yishingiz xavfi bo‘lsa, telefoningizga eslatma o‘rnatib oling. Bordiyu, uyingizga biror varaqqa yozib, har kunlik bajarganingizni belgilab borsangiz juda yaxshi bo‘ladi.
Agar siz 21 kun davomida o‘zingiz tanlagan ibodatni qoldirmay bajarishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsangiz sizni tabriklaymiz. Siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taologa amallarning eng sevimlisi oz bo‘lsa-da, bardavom bo‘laganidir”, degan hadislariga amal qildingiz. Alloh taolo yaxshi ko‘rgan amalni bajarib, Allohga mahbub bandalardan bo‘ldingiz.
Nega aynan 21 kun? Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, insonning aynan 21 kun davomida bajargan amali odatga aylanar ekan. Ikki dunyoda ham bandaga foyda va yaxshiliklar olib keladigan amallarning odatga aylanishi qanday ham yaxshi. Eng muhimi bu odatlar – Robbul a’lamiynning muhabbatiga sabab bo‘lsa...
Alloh taolo hadisi qudsiyda bunday marhamat qiladi: “Bandam nafl amallar bilan ham Menga yaqinlashishda davom etsa, Men uni yaxshi ko‘rib qolaman. Uni yaxshi ko‘rgach esa, eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, tutadigan qo‘li va yuradigan oyog‘i bo‘laman. Mendan biror narsa so‘rasa, tilagini beraman, Mendan panoh so‘rasa, uni panohimga olaman. Hech bir ishda mo‘min bandamning jonini olishdagidek taraddud qilgan emasman. U o‘limni yoqtirmaydi. Men esa unga yomonlik qilishni istamayman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo O‘zining muhabbatiga olib boradigan solih amallarda bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati