Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447
Maqolalar

Qizlaringizni o‘qiting, ularga ko‘makchi bo‘ling!

05.09.2024   3174   4 min.
Qizlaringizni o‘qiting, ularga ko‘makchi bo‘ling!

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda baralla yangragan bu purma’no da’vat qalbimiz qo‘ridan, ongu shuuriimizdan mustahkam o‘rin oldi.

Milliy istiqlol har bir xalqning naqadar bebaho ne’mati ekanini anglash, uning tarixiy ahamiyatini chuqur his qilish uchun olim yo faylasuf bo‘lish shart emas, nazarimda.

Qutlug‘ kunda, shonli sanada O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar bobolar xotirasini yodga olishimiz, o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadidlar, ozodlik yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz sizu bizga oltin meros qilib qoldirgan quyma fikrlarni eslashimiz tabiiy, albatta.

Eng ulug‘, eng aziz ayyomimizdagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev ham aynan ulardan iqtibos keltirib, barcha ota-onalarga murojaat qilgani yuragimizning tub-tubigacha yetib bordi: “O‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!

Darhaqiqat, bugun jamiyatda mavjud muammolarning yechimi, kattayu kichik tomonidan tez-tez o‘rtaga qo‘yiladigan savollarning javobi sifatli ta’limga borib taqalayotgani hech kimga sir emas. Taraqqiyot eshiklariga osilgan har qanday qulfni ochadigan kalitlar ham aynan ta’lim va tarbiyadir.

Sezib turganingizdek, bugun qisqagina tarzda bo‘lsa ham et bilan tirnoq – ta’lim-tarbiya uyg‘unligining dolzarb ahamiyati xususida so‘z yuritmoqchimiz. Boshqacha aytganda, ta’lim ona tilini o‘rganishdan boshlansa, tarbiya ma’naviyat chashmasidan tom ma’noda oziqlangandagina to‘laqonli shakllanadi.

Prezidentimiz alohida ta’kidlaganlaridek, maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham shu fikrning tasdig‘idir.

“Mustaqillikni mustahkamlashda ma’naviy mustaqillik ham g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Uningsiz istiqlolning barqarorligini ta’minlashning imkoni yo‘q. Nima uchun shunday? Chunki, biror xalqni yo‘q qilish uchun yadroviy qurollardan, qudratli armiya bosqinidan ham kuchliroq omil bor. Bu o‘sha xalqning xalqligini yo‘q qilishdir. Bunga qanday erishiladi? Albatta, uning o‘zligini, madaniyatini, tarixini, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyatini barbod qilish bilan erishiladi”.

Ushbu fikrlarni men yaqinda O‘zAda e’lon qilingan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Anvar Boboyev qalamiga mansub maqoladan oldim. Zero, muallif milliy mustaqillik va milliy tilni muhofaza qilish, ma’naviyat va ma’rifatning hayotdagi o‘rni, madaniyatlar to‘qnashuvi, qadriyatlarning g‘arazli talqini xususida jo‘yali, eng muhimi, ta’sirchan fikrlarni ilgari surgan.

“Do‘st achitib gapiradi” deganlaridek, takror va takror aytishdan tolmaslik kerak: istiqlolning uzviy bo‘g‘imlaridan yana biri ma’naviy mustaqillikdir. Ma’naviy mustaqillikka esa ma’rifat, ezgulik, tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlar orqali erishiladi. Bayram bahona mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismiga to‘xtalishdan ko‘zlangan maqsad ham shu fikrni izhor etishdan iborat edi, deya muxtasar xulosa qiladi.

Ayniqsa, maqolada o‘tgan asrning o‘rtalarida faoliyat ko‘rsatgan dunyoga mashhur diplomat va razvedkachi Allen Dallesning o‘zga mamlakat aholisini xufiya tarzda ma’nan-axloqan buzishga qaratilgan fikrlari bilan tanishgan kishining eti jimirlab, yanada hushyor tortadi. Afsuski, shunga o‘xshash “g‘oyalar”dan bugungi kunda ham turli buzg‘unchi kuchlar foydalanishdan to‘xtagani yo‘q.

Modomiki, davlatimiz rahbari mustaqillik bayrami tantanalarida yana bir bor barchamizning e’tiborimizni ayni shu masalaga qaratgani diqqatga sazovor: “Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Lekin... tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir”!

Kuni kecha istiqlolning 33 yilligini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan xalqimiz yana 25 kundan keyin ta’lim sohasida fidoyilik ko‘rsatayotgan mehribon muallim va murabbiylarimizning kasb bayramini, 46 kundan so‘ng O‘zbek tili bayramini nishonlash tadorigini boshladi. Bu esa biz yuqorida tilga olgan ma’naviy mustaqillikning bir ustuni maktabu o‘qituvchilar timsolida sifatli ta’lim, ikkinchi ustuni madaniyatu ma’rifat timsolida milliy til muhofazasi ekanini yana va yana yodimizga soladi.

Gavharxon MUQADDASOVA,

Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi.

O‘zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar

JML Bosh kotibi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarini qabul qildi

15.07.2025   2155   1 min.
JML Bosh kotibi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarini qabul qildi

Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi axborot agentligi SPA, shuningdek “Al-Jazirah”, “Al-Madina”, “Youm7” kabi qator nashrlari yozishicha, Jahon musulmonlari ligasi Bosh kotibi, Musulmon ulamolari uyushmasi raisi shayx Muhammad bin Abdulkarim Al-Isa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari doktor Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashgan. Makkai Mukarramada, mazkur xalqaro tuzilma idorasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Islom sivilizatsiyasining targ‘iboti, xususan noto‘g‘ri tushuncha va salbiy hodisalarga qarshi turishdagi ahamiyati ta’kidlangan. 
 

F.Abduxoliqov mamlakatimiz nomidan JMLning islom olamidagi sa’y-harakati, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini e’tirof etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida o‘tkazilgan Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan birinchi xalqaro tadbirda Bosh kotib musulmon xalqlari vakili sifatida qilgan ma’ruzasini yuqori baholadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

JML Bosh kotibi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarini qabul qildi