Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Missionerlik harakati xavfi

05.09.2024   6600   7 min.
Missionerlik harakati xavfi

Albatta, hamdu sanolar Allohnikidir! Biz U zotni maqtaymiz. U zotdan madad va mag‘firat so‘raymiz. Allohdan o‘z nafsimiz va amalimiz yomonliklaridan panoh tilaymiz. Kimni Alloh hidoyat qilsa, uni zalolatga ketkazuvchi yo‘q va kimni zalolatga ketkazsa, uni hidoyatga eltuvchi yo‘q. Guvohlik beramizki, yolg‘iz va sheriksiz Allohdan o‘zga haq ma’bud yo‘qdir. Yana guvohlik beramizki, albatta, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning quli va rasulidir.

Bugungi globallashuv zamonida insonlar orasida boshqa dinni targ‘ib qilish, to‘g‘rirog‘i dinni emas, balki din niqobi ostida samoviy dinlarning barchasiga zid bo‘lgan g‘oyalarni yoyish, inson qalbi va ongini zabt etishga, o‘z dinidan voz kechishga qaratilayotgan missionerlik harakati xavfi o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda.  Bu harakatlar asosan jimjimador shiorlar va “xayriya” tadbirlari ostida olib borilyapti.

Missionerlik bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar, ularning qanday nomlanishidan qat’iy nazar, faoliyatining turlari deyarli bir xil:

- “Bibliya”ning mahalliy tilga tarjima qilinishi va tekinga tarqatilishi;

- da’vat qilinayotgan shaxslarning saviyasiga mos ravishda kitob, risola  va shu kabilarni yetkazish;

- uyma-uy yurish va adabiyotlar tarqatish bilan o‘zlariga yangi ergashuvchilarni jalb qilish;

- “Bibliya”ni tadqiq qilishga qaratilgan video mahsulotlarni imkon qadar ko‘proq tillarda tayyorlab, tarqatish;

- da’vatlarga, zarracha bo‘lsa-da, moyillik bildirgan, “qiziqqan” odamlarni qidirish;

- ularni ta’limotni qabul qilishga tayyorlash;

- da’vat qilinayotgan odamning ongiga Bibliya kurslari va uning matnini o‘rganish orqali diniy ta’limotlarini singdirish kabilardir.

 Bir qarashda, ushbu mavzu bo‘yicha ko‘p gapirilgan, yig‘ilish va tadbirlar o‘tkazilgan, maqola va risolalar chop etilgan, hattoki, hayotdan olingan filmlar ham namoyish etilgan va yurtdoshlarimizning missionerlikning ayanchli oqibatidan xabardorliklari aniq ko‘rinib turganday tuyuladi.

Biroq, shuncha sa’y-harakatlarga qaramay, hali-hanuz ba’zi nodon, nonko‘r kimsalar “missioner” deb nomlanayotgan shaytonlarning to‘riga ilinib, boshqa yurtdoshlarimizni ham o‘zlari tomon chorlamoqdalar. Ayniqsa, bu ifloslik bilan ayollarimizning shug‘ullanayotganini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Ha-ha, ayollar, ayol bo‘lganda ham ba’zilari nabiralarini erkalatib, farzandlarini, el-yurtni duo qilib o‘tiradigan nafaqa yoshidagilar, bir ro‘zg‘orni obod qildagan o‘rta yoshlilar, hali butun hayoti oldinda bo‘lgan yosh qizlardan iborat bir guruh shu bugunimizda “Iyegova shohidlari” tashkiloti g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan kitoblar asosida yig‘ilishlar o‘tkazib, millatimiz birdamligiga rahna solishga intilayotganini qanday baholash mumkin?

Ayolni e’zozlab, boshiga ko‘targan muqaddas Islom dinidan voz kechib, o‘zga g‘oyaning nayranglariga o‘ynayotgan ayollar o‘zlari tanlagan yo‘lni yaxshi anglab yetganmikinlar? Albatta yo‘q, ular qanday og‘ir ishga qo‘l urganlarini, ikki dunyolarini o‘z hatti-harakatlari bilan barbod etganlarini chuqurroq o‘ylab ko‘rmaganlar.

Keling, ular tanlagan yo‘ldagilar ayollarga bergan baholarning ba’zilari bilan tanishib chiqamiz.

Bibliya Havvoni ayyor, aldamchi, gunohga moyil ayol sifatida tasvirlaydi. Mana shu narsa yahudiy va masihiylar aqidasida ayol tushunchasining salbiy ma’no kasb etishiga olib kelgan. Bibliya ta’limotiga ko‘ra, ayol zoti gunohni onalari - Momo Havvodan meros qilib olgan bo‘lib, ishonchsiz, xiyonatkor va beodob siymoda namoyon bo‘ladi. Ayollarning hayz va nifos ko‘rishi, homiladorlikda chekadigan ozor va og‘riqlari esa Havvo qilgan gunoh uchun ularga berilgan abadiy azob emish. Ish shu darajaga yetib borganki, Bibliya biror yomon hulq yoki amalni tasvirlashni iroda etsa, o‘sha narsani ayolga o‘xshatadi: “Men mana bu narsani bildim. Ahmoqlik bir ayolga o‘xshaydi. U o‘zi tuzoq, yuragi to‘r, qo‘llari esa zanjirdekdir. U o‘limdan ham achchiqroq ekan. Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qiladiganlar undan qocha oladilar, lekin gunohkor uning qo‘llariga tushadi”.

Bibliyada (Ecclesiasticus 25/19-24) shunday deyilgan: “Ayol gunohiga teng keladigan biror gunoh yo‘qdir. Qandayin gunoh bo‘lsa, albatta ortida ayol turgan bo‘ladi. Ayol sababli barchamiz halokatga uchraymiz”.

Yahudiy Hoxom (ravvin) ayol kishi jannatdan tushgandan keyin to‘qqiz la’nat ila la’natlangandir deydi va ularni quyidagicha sanaydi: “Ayolga to‘qqiz la’nat bo‘ladi, so‘ngra vafot etadi. Hayz ko‘rish, qizlik qoni, homila mashaqqati, tug‘ish, bolalar tarbiyasi, azador kabi boshini o‘rab yurish, hayvonlar singari qulog‘ining teshilishi, guvohligi qabul qilinmasligi. Bularning hammasidan keyin o‘lim ham bordir” (Leonard J.Swidler, Women in Judaism: the Status of Women in Formative Judaism (Metuchen, N.J: Scarecrow Press, 1976, p.115).

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bebaho qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz, sharqona mukarramlikdan kechib, tanlaganlari ana shunday xorlikdir.

Bundan tashqari, muqaddas Islom dinimizda o‘z e’tiqodidan voz kechishlik “murtadlik” deyiladi. Bu esa kechirilmas gunohdir. U, bugungi kun ta’biri bilan aytganda, ulkan xiyonat kabidir. Agar qaytmasa, murtadlikni tark etmasa, unga o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Dindan qaytish eng og‘ir gunohdir. Boshqa dinga o‘tib ketish shariatimizda kechirilmas ma’siyatdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Sizlardan kimda-kim o‘z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o‘lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyo-yu oxiratda behuda ketar. Ular do‘zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar” (Baqara surasi, 217-oyat).

Dindan qaytgan kimsa ustida quyidagi shar’iy hukmlar joriy bo‘ladi:

 U bilan xotini (ayol kishi bo‘lsa, eri) orasidagi nikoh buziladi.

  1. Bolalari uning qaramog‘idan chiqadi.
  2. Jamiyat a’zoligidan mahrum bo‘ladi.
  3. Unga dindan qaytganlik hukmi e’lon qilinadi.
  4. O‘lsa yuvilmaydi, kafanlanmaydi, unga janoza o‘qilmaydi, musulmonlar qabristoniga ko‘milmaydi va merosdan mahrum bo‘ladi.
  5. O‘sha holida o‘lsa do‘zaxiy bo‘ladi.

Ammo, u vaqtida esini yig‘ib, o‘lib ketmasidan avval Islom diniga qaytsa, Imomi A’zam va Imom Molik mazhablariga ko‘ra, hammasini boshqatdan boshlaydi, unga Alloh yana bir bor imkon berar ekan.

O‘zbekiston Respublikasida missionerlik faoliyati qonun bilan ta’qiqlangan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasi, Jinoyat kodeksining 145, 216, 216-1, 217, 244-3-moddalari va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2, 201, 202-1, 240 va 241-moddalariga ko‘ra respublikada missionerlik harakati man etiladi.

 

Qur’oni karimda:

 وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

 “Payg‘ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz”, (Harsh, 7) deb ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam keltirgan eng buyuk narsa Qur’on bo‘lib: “Holbuki, u (Qur’on barcha) olamlar uchun eslatmadir”. Kalomi sharifda esa “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang” (Oli Imron, 103) demoqlik bilan, birdamlikka, o‘zaro hamkorlikka, xalqlar, millatlar orasiga rahna solmaslikka chorlanadi.

Yurtimizda g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida davom etayotgan missionerlik faoliyatini o‘z o‘rnida anglash, ulardan doimo ogoh bo‘lish, mazkur harakatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish bugungi kunning dolzarb muammosi ekanligini har birimiz anglashimiz lozim.

Zayniddin domla Eshonqulov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   5917   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.