Akademiya bosh kotibi doktor Abdulloh bin Solih Al-Vashmiy anjumandan turli media platformalarda arab tilidagi kontentni boyitish maqsadi ko‘zlanganini ta’kidladi. Bu sa’y-harakat tegishli xodimlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va kasbiy imkoniyatini oshirishga yordam beradi.
UNA-OIC bosh direktori Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy arabcha gapirilmaydigan yurtlardagi axborot agentliklari tarkibida arab tili bo‘yicha bo‘limlar, raqamli platformalarda sahifalar ochishga intilish ortayotganini e’tirof etdi.
– Bunday tashabbus ishonchli ma’lumot manbasi yaratish orqali madaniy muloqot ko‘prigini barpo etish va mustahkamlashga qaratilgan, – dedi u.
Vebinarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari O‘tkir Alimov va Tarjima tahririyati yetakchi muharriri Fathiddin Samariddinov ham ishtirok etdi.
– Respublikamiz hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi yetakchi rasmiy axborot agentligi hisoblangan O‘zA bugungi kunda o‘z faoliyatini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda, – dedi agentligimiz arab tilidagi sahifasi mas’ul xodimi F.Samariddinov. – O‘zA davlat idoralari faoliyati, mamlakatimiz va jahonda yuz berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni batafsil yoritib kelmoqda. Agentligimiz 9 tilda, jumladan 2010 yildan arab tilida ham tezkor, xolis axborot uzatib keladi. Chunonchi, O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatni rivojlantirish borasida sezilarli natijaga erishayotgani, mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida yurtimizga nisbatan jiddiy qiziqish uyg‘otayotgani, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi oshishiga xizmat qilayotganidan birinchilardan bo‘lib ommani xabardor qiladi. O‘z navbatida, tuzilmamiz jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni muntazam rivojlantirish, muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash imkoniyatini izchil kengaytirmoqda. Xususan, arab tilidagi axborotlarimizda Ko‘rfaz davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani yaqqol aks etmoqda.
Vebinarda “Arab tilida so‘zlashmaydigan IHTga a’zo davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmun muammosi” va “Podshoh Salmon nomidagi arab tili global akademiyasining arab tilida so‘zlashmaydigan davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmunni yaxshilashga qarashi” mavzulari muhokama qilindi.
Sessiyalarda tilshunoslikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan mexanizm va dasturlar, tegishli axborot agentliklari duch kelayotgan masalalar ham ko‘tarildi. Ayni muammolarni bartaraf etishning maqbul yo‘llari, yechimi ko‘rib chiqildi. Institutsional tilshunoslik bo‘yicha o‘quv dasturlari va rejalar ishlab chiqish, arab tilidan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga hissa qo‘shadigan uslubiy yondashuvlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Vebinar yakunida tilni targ‘ib qilishda OAV ahamiyatini inobatga olgan holda, xorijiy axborot agentliklarida arab tilidagi kontentni ko‘paytirish bo‘yicha tavsiya berildi. Podshoh Salmon Global akademiyasi va UNA raqamli makonda arab tili mavjudligini qo‘llab-quvvatlash, arab tilida so‘zlashmaydigan davlatlarda ayni masalaga bag‘ishlangan forumlar tashkil etish uchun hamkorlikni rivojlantirishga chaqirildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati