E’tibor qiling, birgina elektr lampani ixtiro qilgan odam nomi dunyoda qolishi uchun tajribasini olamga jar soldi. Bu birgina elektr chiroqni ixtiro qilgan odamning holati. Endi butun bir Quyoshni yaratgan Zot uni kim yaratganini aytmaydi deb o‘ylaysizmi?! Farazan agar uni boshqa kuch paydo qilgan taqdirda ham o‘sha ixtirochi buni hech kimga aytmas edi deb o‘ylaysizmi?!
Demak, uning yaratuvchisi O‘zini oshkor qilgan bo‘lishi kerak. U ham bo‘lsa yagona Allohdir. Chunki Allohgina Quyoshni yaratganini aytgan. Bu masalada hatto kofirlar ham Quyoshni Alloh yaratgan degan gapdan boshqasini ayta olishmaydi. Aynan shu ma’noni Ankabut surasining quyidagi oyati quvvatlaydi:
“Agar ulardan “Kim osmonlar va yerni yaratgan, quyosh va oyni bo‘ysundirgan?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar. Bas, qayoqqa ketmoqdalar?!” (Ankabut surasi, 61-oyat).
Boshqa oyatda bunday deyiladi: “Agar ulardan “Osmondan suv tushurib u bilan yerni o‘lganidan keyin tiriltirgan kim?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar” (Ankabut surasi, 63-oyat).
Ushbu oyatlar kufr keltirganlar va mushriklar haqida. Ular Allohni inkor qilsalar ham insonning va borliqning paydo bo‘lishi haqida o‘z qarashlarini himoya qila olmaydilar.
Demak, yagona yaratuvchi Zot – Alloh taolo. Chunki uni yaratganligini da’vo qilgan, bizga xabar bergan Zot faqat yagona Allohdir. Lekin yaratish masalasi faqat koinotga tegishli emas. Yerdagi barcha narsalar, hatto inson tasarrufidagi narsalar ham aslida Alloh taoloning yaratuvchilik sifati orqali paydo bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ana o‘sha Alloh Robbingizdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilinglar. U barcha narsaning egasidir” (An’om surasi, 102-oyat).
Alloh taolo “Barcha narsaning yaratuvchisi” ekanini aytmoqda. Demak, jamiki barcha narsaning yaratuvchisi Alloh ekan.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviyning
“Allohning borligiga aqliy dalillar” kitobidan.
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV