Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447
Maqolalar

Alloh – yagona yaratuvchi

11.09.2024   5211   2 min.
Alloh – yagona yaratuvchi

E’tibor qiling, birgina elektr lampani ixtiro qilgan odam nomi dunyoda qolishi uchun tajribasini olamga jar soldi. Bu birgina elektr chiroqni ixtiro qilgan odamning holati. Endi butun bir Quyoshni yaratgan Zot uni kim yaratganini aytmaydi deb o‘ylaysizmi?! Farazan agar uni boshqa kuch paydo qilgan taqdirda ham o‘sha ixtirochi buni hech kimga aytmas edi deb o‘ylaysizmi?!

Demak, uning yaratuvchisi O‘zini oshkor qilgan bo‘lishi kerak. U ham bo‘lsa yagona Allohdir. Chunki Allohgina Quyoshni yaratganini aytgan. Bu masalada hatto kofirlar ham Quyoshni Alloh yaratgan degan gapdan boshqasini ayta olishmaydi. Aynan shu ma’noni Ankabut surasining quyidagi oyati quvvatlaydi: 

“Agar ulardan “Kim osmonlar va yerni yaratgan, quyosh va oyni bo‘ysundirgan?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar. Bas, qayoqqa ketmoqdalar?!” (Ankabut surasi, 61-oyat).

Boshqa oyatda bunday deyiladi: “Agar ulardan “Osmondan suv tushurib u bilan yerni o‘lganidan keyin tiriltirgan kim?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar” (Ankabut surasi, 63-oyat).

Ushbu oyatlar kufr keltirganlar va mushriklar haqida. Ular Allohni inkor qilsalar ham insonning va borliqning paydo bo‘lishi haqida o‘z qarashlarini himoya qila olmaydilar.

Demak, yagona yaratuvchi Zot – Alloh taolo. Chunki uni yaratganligini da’vo qilgan, bizga xabar bergan Zot faqat yagona Allohdir. Lekin yaratish masalasi faqat koinotga tegishli emas. Yerdagi barcha narsalar, hatto inson tasarrufidagi narsalar ham aslida Alloh taoloning yaratuvchilik sifati orqali paydo bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: 

“Ana o‘sha Alloh Robbingizdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilinglar. U barcha narsaning egasidir” (An’om surasi, 102-oyat).

Alloh taolo “Barcha narsaning yaratuvchisi” ekanini aytmoqda. Demak, jamiki barcha narsaning yaratuvchisi Alloh ekan.

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviyning

“Allohning borligiga aqliy dalillar” kitobidan.

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

25.06.2025   5076   2 min.
Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.

Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.

Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:

  1. Jamiyatda fitna keltirib chiqaradi – noto‘g‘ri ma’lumot odamlar o‘rtasida ishonchsizlik, gumon va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi;
  2. Dinning mavqeyini tushiradi – to‘g‘ri tushunchalarni buzib ko‘rsatadi, e’tiqod qiluvchilarni adashtiradi;
  3. Rasmiy diniy muassasalarga nisbatan ig‘vo va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi – feyk xabarlar ba’zan taniqli rasmiy diniy mas’ullar nomidan soxta fatvo va bayonotlar sifatida tarqatiladi;
  4. Jinoyatga olib boradi – ba’zi hollarda feyk xabarlar odamlarni tajovuzkor harakatlarga undaydi.

Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:

“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.

Rost xabarni qanday ajratish mumkin:

  • Rasmiy axborot manbalariga tayanish;
  • Sarlavhasi emas, mazmuniga e’tibor berish;
  • Tarqatayotgan shaxs yoki sahtfalarni tekshirib ko‘rish;
  • Mutaxassislarga murojaat qilish.

Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.

Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev

MAQOLA