Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sehr safsata, xayol yoki to‘qima narsa emas, balki u haqiqatdir. U er-xotin orasini buzadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar” (Baqara surasi, 102-oyat).
Uning insonning jismiga azob berishi, turli kasalliklar keltirib chiqarishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi haqdir. Albatta har bir ish Allohning izni bilan bo‘ladi.
Qarofiy rahimahulloh aytadi: “Sehr haqiqatdir. U insonning fe’l atvori, tabiati, xulqi o‘zgarishiga, hatto agar oldi olinmasa o‘limga ham sabab bo‘ladi” (Al-Furuq. 149/4).
Imom Navaviy rahimahulloh yozadilar: “Sehrning haqiqat ekaniga jumhur ulamolar ittifoq qilganlar. Unga Qur’oni karim va mashhur bir qancha sahih hadislar dalil bo‘ladi” (Ravzat ut-tolibiyn. 346/9).
Ulamolar sehrning haq ekaniga quyidagi oyat va hadisni dalil qilib keltiradilar:
“Va tugunlarga dam soluvchilar yomonligidan” (Falaq surasi, 4-oyat).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sehr qilindilar. Hatto u zotga qilmagan ishlarini qilgandek tuyulardi. U zot bir kuni mening oldimda edilar, duo qilaverdilar, duo qilaverdilar, so‘ng: “Ey Oisha, Alloh menga u haqida fatvo so‘ragan ishimda fatvo berganini sezdingizmi?”, dedilar.
Men: “Nima ekan u, yo Rasululloh?”, deb so‘radim.
U zot alayhissalom bunday dedilar: “Huzurimga ikki kishi kelib, biri bosh tomonimga, ikkinchisi oyoq tomonimga o‘tirdi. Ulardan biri ikkinchisidan: “Bu odamning dardi nima?”, deb so‘radi. “Sehrlangan”, dedi u. “Unga kim sehr qildi”, dedi. “Zurayqlik yahudiy Labid ibn A’som”, dedi. “U nima narsada?”, dedi. “Taroq, taroqdagi (soch) va xurmo (guli turadigan) tugunchasining qobig‘ida”, dedi. “U qayerda?”, dedi. “Zu Arvon qudug‘ida”, dedi”.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh sahobalari bilan o‘sha quduqqa borib, unga qaradilar. Uning ustida xurmo daraxti bor ekan. Keyin Oisha roziyallohu anho onamizning oldilariga qaytib kelib: “Allohga qasamki, u (quduq)ning suvi ivitilgan hinaga o‘xshab ketibdi, xurmolari esa xuddi shaytonlarning boshlariga o‘xshaydi”, dedilar.
“Yo Rasululloh, uni chiqarib tashladingizmi?”, deb so‘radim. U zot alayhissalom: “Yo‘q, Alloh menga ofiyat va shifo berdi. Odamlarga undan biror yomonlik qo‘zg‘ab qo‘yishdan qo‘rqdim”, dedilar. So‘ngra uni ko‘mib tashlashga buyurdilar” (Imom Buxoriy. 5766; Imom Muslim. 2189).
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yahudiylardan biri sehr qildi. U zot alayhissalom bir necha kun betob bo‘ldilar. So‘ng Jabroil alayhissalom kelib: “Yahudiylardan bir kishi sizga sehr qildi, tugun tugib, falon quduqqa (tashladi)”, degan xabarni berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam yuborib, uni chiqartirib, yechib yubordilar. Shunda u zot alayhissalom yengil bo‘lib, turib ketdilar. Bu haqda o‘sha yahudiyga hech narsa demadilar va u bilan yuzma-yuz ham kelmadilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
2024 yilgi hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari etmoqda.
Mavsum boshidan hozirga qadar o‘tkazilgan 96 ming 590 ta tadbir doirasida 590 382 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri, shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazilmoqda.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati