Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Sehr bor narsami yoki to‘qimami? (2-qism)

12.09.2024   4556   3 min.
Sehr bor narsami yoki to‘qimami? (2-qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sehr safsata, xayol yoki to‘qima narsa emas, balki u haqiqatdir. U er-xotin orasini buzadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar” (Baqara surasi, 102-oyat).

Uning insonning jismiga azob berishi, turli kasalliklar keltirib chiqarishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi haqdir. Albatta har bir ish Allohning izni bilan bo‘ladi.

Qarofiy rahimahulloh aytadi: “Sehr haqiqatdir. U insonning fe’l atvori, tabiati, xulqi o‘zgarishiga, hatto agar oldi olinmasa o‘limga ham sabab bo‘ladi” (Al-Furuq. 149/4).

Imom Navaviy rahimahulloh yozadilar: “Sehrning haqiqat ekaniga jumhur ulamolar ittifoq qilganlar. Unga Qur’oni karim va mashhur bir qancha sahih hadislar dalil bo‘ladi” (Ravzat ut-tolibiyn. 346/9).

Ulamolar sehrning haq ekaniga quyidagi oyat va hadisni dalil qilib keltiradilar:

“Va tugunlarga dam soluvchilar yomonligidan” (Falaq surasi, 4-oyat).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sehr qilindilar. Hatto u zotga qilmagan ishlarini qilgandek tuyulardi. U zot bir kuni mening oldimda edilar, duo qilaverdilar, duo qilaverdilar, so‘ng: “Ey Oisha, Alloh menga u haqida fatvo so‘ragan ishimda fatvo berganini sezdingizmi?”, dedilar.

Men: “Nima ekan u, yo Rasululloh?”, deb so‘radim.

U zot alayhissalom bunday dedilar: Huzurimga ikki kishi kelib, biri bosh tomonimga, ikkinchisi oyoq tomonimga o‘tirdi. Ulardan biri ikkinchisidan: Bu odamning dardi nima?, deb so‘radi. Sehrlangan, dedi u. Unga kim sehr qildi”, dedi. “Zurayqlik yahudiy Labid ibn A’som, dedi. “U nima narsada?, dedi. Taroq, taroqdagi (soch) va xurmo (guli turadigan) tugunchasining qobig‘ida”, dedi. U qayerda?, dedi. Zu Arvon qudug‘ida, dedi.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh sahobalari bilan o‘sha quduqqa borib, unga qaradilar. Uning ustida xurmo daraxti bor ekan. Keyin Oisha roziyallohu anho onamizning oldilariga qaytib kelib: “Allohga qasamki, u (quduq)ning suvi ivitilgan hinaga o‘xshab ketibdi, xurmolari esa xuddi shaytonlarning boshlariga o‘xshaydi”, dedilar.

“Yo Rasululloh, uni chiqarib tashladingizmi?”, deb so‘radim. U zot alayhissalom: Yo‘q, Alloh menga ofiyat va shifo berdi. Odamlarga undan biror yomonlik qo‘zg‘ab qo‘yishdan qo‘rqdim”, dedilar. So‘ngra uni ko‘mib tashlashga buyurdilar” (Imom Buxoriy. 5766; Imom Muslim. 2189).

Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yahudiylardan biri sehr qildi. U zot alayhissalom bir necha kun betob bo‘ldilar. So‘ng Jabroil alayhissalom kelib: “Yahudiylardan bir kishi sizga sehr qildi, tugun tugib, falon quduqqa (tashladi)”, degan xabarni berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam yuborib, uni chiqartirib, yechib yubordilar. Shunda u zot alayhissalom yengil bo‘lib, turib ketdilar. Bu haqda o‘sha yahudiyga hech narsa demadilar va u bilan yuzma-yuz ham kelmadilar” (Imom Nasoiy rivoyati).

Davomi bor...

1-qism

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

23.06.2025   747   2 min.
O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).

"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).

"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).

"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).

"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).

"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).

"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).

"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).

Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".

Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.

Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.

"O‘kinma" kitobidan