Alloh taolo Juma surasida bunday marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir» (9-oyat).
Alloh taolo juma kuni musulmonlarga bayram qilib bergan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Quyosh chiqqan kunnning eng yaxshisi juma kunidir, chunki u kunda Odam alayhissalom yaratilgan, u kunda jannatga kiritilgan va u kunda jannatdan chiqarilgan va qiyomat ham juma kuni bo‘ladi”, deganlar.
Bu kunda Alloh taolo bu ummatga juda ko‘plab ne’matlar ato etgan.
Rasululloh sollallohu alyhi va sallam: “Juma kunida bir vaqt borki, biror musulmon namoz o‘qib turgan holda o‘shanga to‘g‘ri kelib qolib, Allohdan yaxshilik so‘rasa, unga buni albatta beradi”, dedilar.
Juma kunining bir qancha odoblari bo‘lib, ularga har bir mo‘min banda amal qilmog‘i lozim:
1. G‘usl qilish. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim juma kuni tahorat olsa, qandayam yaxshi. Ammo kimki g‘usl qilsa, yanada afzaldir!”.
2. Misvok ishlatish, sochni yog‘lab parvarishlash, xushbo‘ylik sepish.
3. Eng yaxshi va toza liboslarni kiyish.
4. Masjidga shoshilmay, zikr aytib yurib borish.
5. Odamlar orasidan hatlab o‘tmaslik.
6. Kahf surasi o‘qish.
7. Duolar qabul bo‘ladigan vaqtni g‘animat bilish. Ulamolar ushbu vaqt haqida 2 xil fikr bildirishgan.
Birinchisi – quyosh botishidan oldingi oxirgi soatdir;
Ikkinchisi – bu soat imom xutba aytishi bilan juma namozi tugagunga qadar bo‘lgan vaqt orasidadir.
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Qanday qilib xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi mumkin?!
Sotib olayotgan yoki ijaraga olayotgan uyingiz imkon qadar masjidga yaqin joydan bo‘lsin. Azon tovushi sizni namozlarni jamoat bilan o‘qishga, shuningdek, kundalik namozlaringizni vaqtida ado etishga undaydi.
Biron uyni vatan tutishdan avval qo‘shnilarni yaxshilab so‘rab-surishtiring. Agar ular solih kishilar bo‘lsalar, narxi sal qimmatroq bo‘lsa-da, uyni sotib olishga shoshiling. Yomon qo‘shni turmushingizni izdan chiqarib, hayotingizni zaharlashi mumkin.
Agar hovli-joy qursangiz deraza-oynalaringizni qo‘shnining uyiga ko‘zingiz tushadigan qilib o‘rnatmang. O‘z obro‘ingizni saqlagandek, ularning sha’nlarini ham saqlashga harakat qiling.
Agar iloji bo‘lsa, ayollar va erkaklar uchun alohida eshik qoldiring. Erkak-xotin aralash bo‘lishiga imkon qadar yo‘l qo‘ymang.
Uyingizni baland qilib, qo‘shnilar bilan musobaqalashmang, bezatishda ham isrofga yo‘l qo‘ymang.
Namoz o‘qiydigan alohida xona ajrating.
Keraksiz buyumlarni ko‘paytirib yubormang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ehtiyojdan tashqari ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklardan ogohlantirib: “Er uchun bir ko‘rpa, ayoliga bitta ko‘rpa va bitta ko‘rpa mehmon uchun. To‘rtinchisi shaytonga”[1], deganlar.
O‘g‘il-qiz farzandlaringizga alohida xona ajrating.
Agar zarurat bo‘lmasa uy jihozlarini almashtiravermang. Bu shariat qoralagan isrofning aynan o‘zidir. Agar uy jihozlaringiz ko‘zingizga xunuk ko‘rinayotgan bo‘lsa, ularning joylarini o‘zgartiring. Bu sizga boshqa ko‘rinish imkonini beradi.
Bittadan ortiq televizor o‘rnatishdan saqlaning. Ayniqsa bolalar xonasiga televizor o‘rnatmang. Chunki bu bilan farzandingiz kun bo‘yi bekorchi narsalarni tomosha qilib o‘tirishga odatlanadi.
Kompyuterni ham hammaga ko‘rinib turadigan ochiq joyga o‘rnating.
Kichikroq bo‘lsa-da, kitob javoniga, albatta, joy ajrating.
Ahli ayolingiz, o‘g‘il-qizlaringizga mehr-muhabbatli bo‘ling. Duolaringizda Alloh taolodan oilangizga ikki dunyo saodatini nasib etishini so‘rang.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.