Shu yil 11 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Misrdagi Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot markazi direktori, professor Jamoliddin Abdulsurur boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muftiy hazratlari martabali mehmonlarni tashrif bilan qutlab, keyingi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan katta ijobiy o‘zgarishlarni so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida ma’lumot berib, Islom olami davlatlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, xususan, ikki davlat o‘rtasida mazkur yo‘nalishdagi yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Jamoliddin Abdulsurur samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirish asnosida O‘zbekistonda barcha jabhada bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, diniy sohadagi yangiliklardan behad xursand ekanligini bayon etdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida ayni kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Islomda ayollar huquqiga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminar yuqori darajada tashkil etilgani, unda Diniy idora vakillari ham mavzu doirasida muhim chiqishlar qilgani, kelgusida ana shunday hamkorlikdagi loyihalar davomiy qilishga tayyorligini bildirdi.
Samimiy uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, al-Azharda imom-xatiblar malakasini oshirish, Dorul Ifto va Fatvo markazi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Hadis ilmi maktabi qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursida tahsil olgan 51-davra tinglovchilari uch oylik saboq olish mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunladilar.
Shu munosabat bilan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Tadbirda Hadis ilmi maktabi mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, tinglovchilarga Qur’on tilovati va ilm yo‘lida lozim bo‘ladigan muhim tavsiyalarini berishdi.
Shuningdek, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursining navbatdagi 57-davra mashg‘ulotlari ham yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati