Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson uchun dunyo hayotida ega bo‘ladigan ne’matlari orasida eng qadrlisi bu – iymondir. Taqvodor banda diniga, e’tiqodiga zarar yetadigan har qanday amaldan uzoq bo‘ladi, saqlanadi. Ayniqsa, sehr bilan shug‘ullanish yoki sehrgarning oldiga borish aqidaga qattiq ta’sir qiladi.
Ulamolar aytadilar: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yettita halokat qiluvchi gunohlardan saqlanishga buyurib, ulardan biri sehr ekanining xabarini berganlar. Shunga ko‘ra, sehr bilan shug‘ullanish harom amal bo‘lib, u kufrga olib boradi. Bunga ushbu oyat dalolat qiladi: «Ikkovlari hatto: “Biz fitna–sinov uchunmiz, kofir bo‘lmagin”, demasdan oldin hech kimga o‘rgatmasdilar» (Baqara surasi, 102-oyat)”.
Eng xavfli jihati shuki – sehr bilan shug‘ullanish qanchalik og‘ir gunoh bo‘lsa, sehrgarning oldiga borish ham shunchalik katta gunoh. Ya’ni, sehr bilan shug‘ullangan ham, sehrgarning oldiga borgan ham bir xil gunohkordir.
Hubayra ibn Yariym aytadi: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning: “Kim kohinga yoki sehrgarga borib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi”, deb aytayotganini eshitdim”.
Ayrim olimlar sehrgarning mushrik ekaniga quyidagi hadisni dalil sifatida keltirishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi”, deganlar (Imom Nasoiy rivoyati).
Barcha o‘tgan payg‘ambarlar davrida sehr harom amal sanalgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sehrgar qayerda bo‘lsa ham, zafar topmas” (Toha surasi, 69-oyat).
Sehr dinni halok qiluvchidir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halokatga eltuvchi yettita gunohdan saqlaninglar!” dedilar.
Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, ular qaysilar?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Allohga shirk keltirish, sehr (bilan shug‘ullanish), Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, ribo yeyish, yetimning molini yeyish, jang kuni orqaga qochish hamda iffatli, mo‘mina, g‘ofila (buzuqlik nimaligini bilmaydigan) ayolni fohishalikda ayblash”, deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Allohga shirk keltirishdan ko‘ra katta va og‘irroq gunoh yo‘q. Hadisda insonni halok qiluvchi gunohlarning ichida birinchi o‘rinda aynan shirkning zikr qilinishi ham bejiz emas. Undan keyin sehrning keltirilishi esa sehrgarlik qanchalik katta gunoh ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Banda sehrgarning aytgan har bir so‘ziga ishonishi, uning aytganlarini bajarishi natijasida Robbidan qo‘rqishdan, tavakkul va faqatgina O‘ziga yuzlanib duo qilishdan, yordam so‘rashdan uzoqlashadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi, 56-oyat).
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan