Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sajdaga borilayotganda yerga yaqin a’zolar birin-ketin yerga qo‘yiladi, ya’ni, avval tizza, keyin qo‘llar va yuz. Sajdadan turayotganda yerdan uzoq a’zolar birinchi ko‘tariladi, ya’ni, yuz, qo‘l tizza.
“Fatavoi Hindiya” kitobida bunday deyiladi: “Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo yerga yaqin bo‘lgan a’zoni (yerga) qo‘yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so‘ng ikki qo‘lini, so‘ng burnini, so‘ngra peshonasini yerga qo‘yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so‘ng burnini, so‘ngra ikki qo‘lini ko‘taradi...”.
“Muxtasaru-l-viqoya” kitobida esa: “(Namoz o‘quvchi) rukudan so‘ng takbir aytadi va sajda qiladi. Sajdaga borish asnosida avval tizzalarini so‘ngra qo‘llarini yerga qo‘yadi, (sajdadan turganida) takbir aytadi va avval boshini so‘ngra ikki qo‘li va tizzalarini yerdan ko‘taradi...”, deyilgan.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo‘llaridan avval tizzalarini yerga qo‘yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo‘llarini yerdan ko‘targanlarini ko‘rdim”, deyiladi (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa: “Biz hazrat Umar roziyallohu anhuning namozlaridan shuni o‘rgandikki, u kishi ruku qilganlaridan keyin huddi tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalar edilar va tizzalarini qo‘llaridan avval yerga qo‘yardilar”, deyiladi (Imom Tahoviy Alqama va Asvad roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan).
Bu borada yana boshqa bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o‘rganib, “sajda qilishda avvalo yerga yaqin a’zolar yerga qo‘yiladi va sajdadan turishda esa yerdan uzoq bo‘lgan a’zolar yerdan ko‘tariladi”, degan fikrga ittifoq bo‘lganlar.
Oyoqlarning barmoqlari qiblaga qaragan holda egilib, avval tizza yerga qo‘yiladi. So‘ngra, burun va peshona qo‘yilib, sajda qilinadi.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV