Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446
Maqolalar

Sajdaga borayotganda tizza avval qo‘yiladimi yoki qo‘llarmi?

13.09.2024   2578   2 min.
Sajdaga borayotganda tizza avval qo‘yiladimi yoki qo‘llarmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sajdaga borilayotganda yerga yaqin a’zolar birin-ketin yerga qo‘yiladi, ya’ni, avval tizza, keyin qo‘llar va yuz. Sajdadan turayotganda yerdan uzoq a’zolar birinchi ko‘tariladi, ya’ni, yuz, qo‘l tizza.

“Fatavoi Hindiya” kitobida bunday deyiladi: “Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo yerga yaqin bo‘lgan a’zoni (yerga) qo‘yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so‘ng ikki qo‘lini, so‘ng burnini, so‘ngra peshonasini yerga qo‘yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so‘ng burnini, so‘ngra ikki qo‘lini ko‘taradi...”.

“Muxtasaru-l-viqoya” kitobida esa: (Namoz o‘quvchi) rukudan so‘ng takbir aytadi va sajda qiladi. Sajdaga borish asnosida avval tizzalarini so‘ngra qo‘llarini yerga qo‘yadi, (sajdadan turganida) takbir aytadi va avval boshini so‘ngra ikki qo‘li va tizzalarini yerdan ko‘taradi...”, deyilgan.

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo‘llaridan avval tizzalarini yerga qo‘yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo‘llarini yerdan ko‘targanlarini ko‘rdim”, deyiladi (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa: “Biz hazrat Umar roziyallohu anhuning namozlaridan shuni o‘rgandikki, u kishi ruku qilganlaridan keyin huddi tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalar edilar va tizzalarini qo‘llaridan avval yerga qo‘yardilar”, deyiladi (Imom Tahoviy Alqama va Asvad roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan).

Bu borada yana boshqa bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o‘rganib, “sajda qilishda avvalo yerga yaqin a’zolar yerga qo‘yiladi va sajdadan turishda esa yerdan uzoq bo‘lgan a’zolar yerdan ko‘tariladi”, degan fikrga ittifoq bo‘lganlar.

Oyoqlarning barmoqlari qiblaga qaragan holda egilib, avval tizza yerga qo‘yiladi. So‘ngra, burun va peshona qo‘yilib, sajda qilinadi.

“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

15.01.2025   683   3 min.
Masjidda tahoratni 2 narsa ketkazadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratilgan. Ibodatlarning ulug‘laridan biri namoz amalini durust bo‘lishi tahoratga bog‘liq. Namozda tahorat to‘liq va mukammal bo‘lishi kerak. Tahorat masalasi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab hukmlar kelgan.

Xususan ajdodimiz, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh ham o‘zlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asarida alohida bo‘lim ochib unga «Tahorat kitobi» deb nom bergan. Va eng avval bobni tahorat haqida kelgan Moida surasining Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar” degan 6-oyatini keltirgan. Va davomida “Nabiy alayhissalom tahoratni bir marta, ikki marta va uch marta qilinishini bayon qildilar”, degan.

Keyin esa “Tahoratsiz namoz qabul bo‘lmaydi” deb ikkinchi bobga nom berdi va unda Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirdi. U hadisni Imom Buxoriyga ustozi Is'hoq ibn Ibrohim Hanzaliy aytdi, unga Abdurrazzoq, unga Ma’mar, unga Hammom ibn Munabbih aytdi, u Abu Hurayradan eshitgan. Abu Hurayra aytadi: “Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam marhamat qilib, betahorat kishi tahorat qilmagunicha namozi qabul qilinmaydi, dedilar. Bir kishi shu vaqtda “Ey Abu Hurayra, tahoratni nima sindiradi?" dedi. U zot, ovozli va ovozsiz yel", dedilar.

Hadisda “qabul bo‘lmaydi” deyildi. Alloma Ibn Hajar rahimahulloh, bu yerdagi namoz qabul qilinmasiligi “qabuli isobat” topilmagani uchundir, deganlar. Ya’ni, namoz fiqhiy qoidalar asosida ado qilinmagan, sababi namozni sharti bo‘lgan tahorat bo‘lmagani uchun ibodat qabul bo‘lmaydi.

Aslida “qabul” so‘zi Alloh taolo qabul qilgan amalga ishlatiladi. Namozxon ibodatni “qabuli isobat” bilan, ya’ni fiqhiy qoidalar asosida ado qilgan bo‘lsa-da, unga riyo aralashtirsa, Alloh qabul qilmagan bo‘ladi, bunda “qabuli ijobat” topilmagan hisoblanadi.

Matndagi “la tuqbalu – qabul qilinmaydi” degan jumlani “qabuli isobat” yoki “qabuli ijobat” deb taqsimlashga hojat yo‘q. Chunki “la tuqbalu” “mardud” ma’nosida, ya’ni namoz tahoratsiz rad qilinadi, deganidir.

Hadisda Abu Hurayra tahoratni buzadigan ikki  narsani sanadi, u zotning nazdida shu ikkovigina tahoratni buzadimi, deyilsa, bunga ulamolar javob berishadi:

Birinchi ehtimol: Ha, faqat shu ikkisi bo‘lishi mumkin;

Ikkinchi ehtimol: Alomma Kashmiriy aytadi, bu savol-javob masjidda bo‘lgan. Masjidda esa tahorat sinishi shu ikkisi bilan bo‘ladi. Va yana odamlarni nazdida bu ikkisi tahorat sindiradigan narsa emas, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Shu ikkinchi ehtimol ulamolar nazdida birinchi ehtimoldan rojih – afzalroq.

Demak, tahorat namozni durust yo nodurust bo‘lishiga sabab bo‘lib, har bir namozxon tahoratga katta e’tibor qaratish lozim.

Abdulbosit Meliboyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.