“Istixora” so‘zi lug‘atda “yaxshilik so‘rash” ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda, bandaning namoz o‘qish yoki duo qilish bilan Alloh nazdida yaxshi sanalgan ishga yo‘llashini so‘rashi istixoradir. Ulamolar istixora sunnatligiga ittifoq qilishgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga har bir ishda, xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek istixora qilishni ta’lim berardilar”, deyilgan . Unga ko‘ra, istixora qilmoqchi bo‘lgan odam ikki rakat nafl namozdan keyin duo qiladi.
Quyida istixora duosini keltiramiz.
“Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmik, va astaqdiruka biqudrotik, va as’aluka min fazlikal ’aziym, fainnaka taqdiru va laa aqdir, va ta’lamu va laa a’lam, va anta ’allaamul g‘uyuvb. Allohumma in kunta ta’lamu anna haazal amro xoyrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy vaqdurhu liy, va in kunta ta’lamu anna haazal amro sharrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy fasrifhu ’anniy vasrifniy ’anh, vaqdur liyal xoyro haysu kaana summa rozziniy bih”.
Duoning ma’nosi: “Yo Alloh, ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Yo Alloh, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil”.
Istixorada ushbu duoni o‘qish ham joiz: “Allohumma xir liy, vaxtar liy”.
Duoning ma’nosi: “Allohim, ishimni yaxshi qil. (Ikki ishdan) yaxshisini tanlashimga madad ber”.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz alayhissalom biron ishga kirishmoqchi bo‘lsalar, “Allohumma xir liy, vaxtar liy”, deb duo qilardilar .
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Anas, agar biron ishni niyat qilsang, bas, Robbingga bu borada yetti marta istixora qil. Keyin qalbingga ustun kelgan narsaga qara. Zero, yaxshilik o‘shandadir”, dedilar (Ibn Sunniy “Amalul yavmi val-layla”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).
Istixora namozi yoki duosi yetti martagacha o‘qiladi. Keyin Alloh duoni ijobat qilishi sabr bilan kutiladi. Istixoradan keyin qalbning ochilishi, undan chigallik va ikkilanishning ketishi istixoraning qabul bo‘lgani alomatidir.
Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.