Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Bismillah” degan so‘zni ko‘p ishlatamizu, ammo uning juda ko‘plab fazilatlaridan xabardor emasmiz. Uyga kirganda va uydan chiqqanda, ovqatlanishdan, ichimlik ichishdan oldin yoki biror narsa yozganda shu kabi ko‘plab holatlarda “Bismillah”ni aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir ahamiyatli ish “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir”, deganlar.
Boshqa bir hadis sharifda: “Qaysi ish “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlanmas ekan, u ishda baraka bo‘lmaydi” deyilgan.
Demak, “Bismillahir rohmanir rohiym” deb boshlangan ishda baraka bo‘lar ekan. Qolaversa, “bismillah” aytilgan ishdan shayton qochadi.
Agar “bismillah”ni aytib derazani yopsangiz shayton uyingizga kira olmaydi.
Agar uyga “bismillah” deb kirsangiz, shayton uyingizga kira olmaydi.
Agar ko‘chaga “bismillah”ni aytib chiqsangiz, shayton sizga hamroh bo‘la olmaydi.
Agar “bismillah”ni aytib derazani ochsangiz, shayton uyingizga kira olmaydi.
Agar ovqat qilishni “bismillah” bilan boshlasangiz, shayton ovqatingizga sherik bo‘la olmaydi.
Agar tahoratni “bismillah valhamdu lillaah” deb boshlasangiz, tahoratingiz singunicha farishtalar sizga yaxshilik, mukofot va savoblar yozib turadilar.
“Bismillahir rohmanir rohiym” Alloh taoloning Kitobi – Qur’oni karimdan bir oyat bo‘lgani uchun ham uni ko‘p aytish bilan ulkan ajrlarga ega bo‘linadi. Qolaversa, har bir harf uchun 10 dan 700 gacha savob beriladi.
“Bismillahir rohmanir rohiym” 19 harfdan iborat, bir aytish 190 savobga teng bo‘ladi. Har bir harf Allohning marhamati bilan ko‘paytirilib, 700 ming barobarga yetadi va Allohning fazli ila yana ham ko‘payatiriladi. Agar bir kunda hech bo‘lmaganda 50, 100 marta “Bismillah”ni aytishga odat qilsak, qancha savobga hamda Allohni zikr qilishga muvaffaq bo‘lishimiz mumkin.
Davron NURMUHAMMAD
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov