Bismillahir Rohmanir Rohiym
To‘rtinchi foyda: Dunyo qayg‘ulari sizni oxirat xursandchiliklariga, oxirat ne’matlariga mushtoq qilib qo‘yadi.
Abu Sa’id Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: "Jannatda shunday jar solinadi: Sizlarga sog‘lik berildi, endi hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Sizlarga hayot berildi, endi hech qachon o‘lmaysizlar. Sizlarga yoshlik berildi, endi hech qachon qarimaysizlar. Sizlarga ne’matlar berildi, endi hech qachon g‘am ko‘rmaysizlar" (Imom Muslim rivoyati).
Jannatda hech kim kasal bo‘lmaydi, hech kim o‘lmaydi, hech kim xafa ham bo‘lmaydi. Hamma abadiy baxt-saodatda, doimiy ofiyatda, rohat-farog‘atda yashaydi.
Jannatda mo‘minlar buyuk haqiqatni tushunib yetadilar: bu yerdagi ne’matlarning eng afzali – Alloh taolo ulardan dunyo tashvishlarini ketkazgani, ibodatlarning mashaqqati, musibatlarning azobi ketib, savoblari qolgani, oxiratning dahshatlarini, azoblarini ketkazib, doimiy baxt-saodat makoni bo‘lmish jannatda yashattirgani ekan.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Adn jannatlariga kiradilar, u yerda oltin bilakuzuklar, injular bilan yasanadilar. U yerdagi liboslari ipak bo‘ladi. Shunda ular "Bizdan g‘am-qayg‘uni ketkazgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Robbimiz mag‘firatlidir, ko‘p savob beruvchidir", deydilar» (Fotir surasi, 33-34-oyatlar).
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘lim to‘shagida yotganlarini eslang. U zotga sizu bizga qaraganda misli ko‘rilmagan mashaqqat, kuchli og‘riq yetdi. Sayyida Fotima onamiz roziyallohu anhoning rahmi kelib, «Otam qiynalib ketdilar...» deb yig‘ladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa shunday dedilar: «Bugundan keyin otangizga qiyinchilik yo‘q. Otangizga hech kimni chetlab o‘tmaydigan narsa (o‘lim) yetdi, xolos. Endi siz bilan Qiyomatda ko‘rishamiz».
Bundan nimani tushunamiz? Demak, o‘lim – nabiylarni, solih zotlarni yaxshilikka eltuvchi ne’mat ekan. Chunki shu o‘lim tufayli bu dunyoning qiyinchiliklari tugaydi, undagi qayg‘u-alamlar o‘tib ketadi. Lekin ular uchun yozilgan ajru mukofotlar qoladi, inshaalloh. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bugundan keyin otangizga qiyinchilik yo‘q», dedilar. Shu bilan qayg‘u zamoni o‘tib ketdi. Dunyoning g‘am-tashvishlari bizni oxirat ne’matlariga mushtoq qilib qo‘yadi, dunyo zindonidan oxirat ne’matlariga chiqadigan kunimizga intizor qilib qo‘yadi.
Bir qiz aytadi:
"Juda ko‘p yillar davomida g‘am-tashvishsiz joyda bo‘lib qolishni orzu qilib yashadim. Uyimizda muammolarning keti uzilmasdi, ota-onam meni xafa qilish bo‘yicha go‘yoki kimo‘zarga o‘ynashardi. Hatto ovqat payti ham tinchlik yo‘q edi, doim baqir-chaqir bilan o‘tardi. Bozordan kiyim-kechak sotib olishim ham onamning baqir-chaqirlari uchun bir bahona edi. Men onam xohlagandek kiyim sotib olishga qanchalik harakat qilmayin, baribir tirnoq ostidan kir qidirib, meni malomat qilaverardilar. Xullas, onamning menga muomalasi xuddi uydagi xizmatkorga qilinadigan muomala edi. Hamma dam olganda mening ham dam olishga, hamma kulganda mening ham kulishga haqqim yo‘q edi go‘yo.
Men o‘zi bu dunyoda baxt yuzini ko‘rarmikanman, deb o‘kinardim, o‘zimga dardkash dugona qidirardim. Lekin hozirgi qizlarning aksariyati ham o‘zimga o‘xshab, g‘am-qayg‘u manbaiga aylanib ulgurgan ekan. Ularning har biri dugonasining baxtsizligi evaziga bo‘lsa ham, baxtga erishishni istaydi.
Bu hayotda menga baxt ulasha oladigan birgina inson – buvim bor edilar, xolos. Lekin buvim ham to‘satdan vafot etib qoldilar. Buvimning vafotidan shunaqangi qayg‘uga botdimki, hatto bir nechta tishim to‘kilib tushdi.
Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Lekin hamon hayot ummonida sarson bo‘lib yuraverdim, yuraverdim... Nihoyat, bir kun jannat haqida o‘qib qoldim. Unda jannat ahlining ushbu so‘zlari yozilgandi: "U Zot O‘z fazli ila bizni shunday joyga joylashtirdiki, u yerda bizga charchoq ham, xorg‘inlik ham yetmaydi". Ana shunda umrimda birinchi marta qayg‘usiz joy faqat Jannat ekanini tushundim. Shunda anglab yetdimki, Jannatda beriladigan ne’matlarning eng yaxshisi – u yerda mutlaqo qayg‘u bo‘lmasligi ekan! Demak, men shuncha paytdan beri qidirib yurgan qayg‘usiz joy – Jannat ekan. Shundan keyin qachon g‘am cheksam, Jannatga mushtoq bo‘laverdim. Shunday qilib, g‘am-tashvishlarim ko‘paygan sari, Oxiratga muhabbatim ziyoda bo‘lib boraverdi".
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.
Har birimiz hayotda muvaffaqiyat qozonish istagida bo‘lamiz-u, lekin unga yetisha olmaymiz. Buning sababi esa “muvaffaqiyat”ni yetib bo‘lmas bir ro‘yo deb o‘ylashimizdir. Aslida biz muvaffaqiyatga eltuvchi omillarga bee’tibor bo‘lamiz, natijada muvaffaqiyatsizliklarimiz ko‘payib boraveradi.
Muvaffaqiyat – bu yaxshidan yanada yaxshirog‘i tomon intilishimizdir. (Barkamollik Alloh taoloning O‘zigagina xosdir). Birortasi sizga “Hayotdagi maqsadimga erishdim” desa, bilingki, u odam qulay boshlabdi. Kishi muvaffaqiyat sari harakat qilishi zarur. Zero, Alloh azza va jalla hech bir odamning ajrini zoye qilmas. Badi’uz zamon Hamazoniy bunday deydilar:
Vojib manga tirishmog‘im, qilmoq jahd,
Shart bo‘lmag‘ay najohni idrok etmak.
Hayot bo‘stonidan muvaffaqiyat mevalarini terish ilinjidagi kishiga oid mana bu nasihatlar sizga ham asqatadi. Bu nasihatlar ikki dunyo saodatini topish uchun chaqiriqdir. Zero, oxirat diyorida kishi ochiq-oydin xusronga yuz tutar ekan, uning dunyo hayotidagi zafaridan ne naf?!
Alloh taologa taqvoni lozim tuting, shuning o‘zi xayrli oziqa va a’lo nasihatdir. Zero, Alloh taolo Taloq surasining 2–3-oyatlarida: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...», deya marhamat qiladi va yana xuddi shu suraning 4-oyati so‘ngida ham: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradur!» – deya taqvo qilishga amr qilgan.
Qalbingiz avval Alloh taolo va Uning Rasuliga, keyin esa ota-onangiz va atrofingizdagilarga muhabbat ila to‘lib-toshsin. Zero, muhabbat kishini yoshartiradi, umrni uzaytiradi, xotirjamlik baxsh etadi. Nafrat esa qalbni qoraytiradi. Muhabbat jarohatga malham bo‘lib xizmat qiladi hamda qalbga mehr va yaqinlik taftini soladi.
O‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz boshqalarga nisbatan kichikroq, ozroq bo‘lsin. Alloh taolo Hashr surasining 9-oyatida ansoriylarni maqtab: «...Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar...», deya marhamat qiladi. Odamlarga yaxshilik ilinib farahmand bo‘ladigan kishilar haqiqiy baxtiyor insonlardir. Badbaxtlar esa faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Oxir-oqibatda hech qanday savobga erishmaydilar.
Qalbingizni muhabbat, bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik kabi tuyg‘ular bilan to‘ldirish uchun harakat qiling. Hech shak yo‘qki, badbaxtlarning qalblari hasad, g‘azab va nifoq ila limmo-lim bo‘ladi.
O‘tgan ishlarga qayg‘urmang! Noxushliklarga ko‘z yosh to‘kish foyda bermaydi. Birovlarning musibatlaridan kuladiganlar esa o‘zlariga jabr qiladilar. Ko‘zadagi to‘kilgan sutga ayyuhannos solgandan ko‘ra, uning o‘rnini qoplash payida bo‘ling. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu muborak so‘zlarini doimo yodda tuting: “Senga biror ish sodir bo‘lsa, “agar bunday qilganimda, mana bunday bo‘lardi-da” deya ko‘rma, faqatgina “Alloh taqdir qilgan ekan, O‘zi xohlagani bo‘ldi” deb
aytgin. “Agarda” shaytonga yo‘l ochib beradi”[1].
Nafsingizni yaxshi gumon qilishga o‘rgating! Zero, yaxshi gumonda bo‘ladiganlar tunda osmonga tikilib, oyning nazokatini ham ko‘ra oladilar. Badgumonlar esa samoga tashlagan nazari ortida zulmatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydilar. Boshqalarni o‘zidan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylaydiganlardan bo‘ling. Yaxshilikka yo‘yuvchilar boshqalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Badgumonlar esa o‘z atrofidagilarni go‘yo quvib-soladilar.
Haliymiy aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gumonni xush ko‘rardilar. Chunki badgumonlik Alloh taolo xususidagi yomon o‘ylovdir. Nekgumonda bo‘lish esa Alloh taolo xususidagi yaxshi o‘ydir. Mo‘min hamma holatda ham Alloh taolo xususida yaxshi gumonda bo‘lishga ma’murdir”.
Boshqa bir hadisda Muoviya ibn Hakam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: “Yo Allohning Rasuli, bizning oramizda shumlanadiganlar bor”, dedim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ko‘ngillariga kelgan narsa xolos. Bu narsa ularni (biron ish qilishdan) to‘smasin”, dedilar».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.