Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sehrgar dini va o‘z nafsini shaytonga sotgan sanaladi. Chunki shayton insonning ibodat qilishini aslo istamaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va batahqiq, biladilarki, uni sotib olgan kishiga oxiratda nasiba yo‘q” (Baqara surasi, 102-oyat).
Sehrgar dindan chiqish yoki jinlarga atab jonliq so‘yish va ulardan yordam so‘rash orqali sehr bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, buning uchun Alloh taoloning Kalomi – Qur’oni karimga nisbatan hurmatsizlik qiladi.
Ulamolar aytadilar: “Sehrgarlar qog‘ozlarga Qur’ondagi sura va oyatlarni qon bilan yozadilar, ataylab oyatlarning harflarini xato qilib ko‘chiradilar. Shaytonni rozi qilish uchun yana boshqa turli o‘zgartirishlarni qiladilar”.
Kim o‘z nafsini shaytonga sotsa, axloqdan, solih amallardan mosuvo, qalb ko‘zi ko‘r, yaxshiliklardan yuz o‘girgan, gunoh yo‘lda yuruvchi, dinining ustidan kuluvchi va unga dushmanlik qiluvchi bo‘ladi. Nafsini rozi qilish yo‘lida barcha jirkanch ishlarni qilishga tayyor turadi.
Oxir oqibat Alloh taologa shak, shaytonga ibodat qiladilar, fitna-fasod ishlarni bajaradilar, nafsi faqat gunoh, fisq amallarga boshlaydi, ko‘p yolg‘on gapiruvchi va harom yeyuvchi bo‘ladi.
Alloh taolo odamni loydan, jinlarni esa olovdan yaratdi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Batahqiq, Biz insonni quruq loydan, o‘zgartirilgan qora balchiqdan yaratdik. Va jinlarni bundan oldin samum olovidan yaratdik” (Hijr surasi, 26-27-oyatlar).
Qolaversa, Alloh taolo Odam avlodini jinlardan afzal qildi. Alloh taolo: “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Lekin sehrgar hamisha o‘zini boshqalardan ustun tutadi. O‘zgalarni mensimaydi. Vaholanki, sehrgardan ham, jinlardan ham mo‘minlar afzaldir. Shayx Abu Bakr Jazoiriy aytadi: “Jinlarning hatto solihlari ham qadr, karomat va sharafda insondan past darajada”.
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.