Sahobalarning ba’zilari jangdagi qahramonligi bilan tanilgan bo‘lsa, ba’zilari ilm tarqatish va taqvosi bilan nom qozonganlar. Farzandlari sabab tarixga muhrlanganlari ham bor.
Shulardan biri xazrajlik sahoba Bashir ibn Sa’d ibn Sa’laba ibn Xilos ibn Zayd ibn Molik asli madinalik bo‘lib, Badr jangida ishtirok etgan. U o‘g‘li No‘monning ismi bilan “Abu No‘mon” kunyasini olgan. Onasi Unaysa binti Xalifa ibn A’diy ibn Amr ibn Imriul Qays. Bashir A’mra binti Ravoha degan ayolga uylanib, No‘mon degan farzand ko‘rishdi. Bu ayol ham Islomga kirib, Rasululloh alayhissalom yo‘liga ergashgan. Bu ayol mashhur sahobiy shoir Abdulloh ibn Ravohaning singlisi edi.
Bashir hijratdan oldin Madinai munavvarada musulmon bo‘lgan. U nubuvvatning o‘n ikkinchi yili haj mavsumida Xazraj va Avs vakillari bilan Rasuli akramni borib ko‘rishgan edi. Ikkinchi Aqabada ham bay’at qilib, Madinaga qaytib ketdi.
Bashir ibn Sa’d johiliyat davrida yozishni yaxshi bilardi. O‘sha vaqtda xat-savodli odamlar juda kam bo‘lgan.
U Rasululloh alayhissalom qayerga borsalar, u zotga mulozim bo‘lgan. Rasuli akram ishtirok etgan janglar va g‘azotlarda yonlarida turgan. U inisi Simok bilan Badr g‘azotida, Uhud, Xandaq va undan keyingi janglarda ham qatnashdi.
Xandaq g‘azotida uning o‘ziga xos o‘rni bor. Rasuli akram Bashir ibn Sa’d hijriy yettinchi yil sha’bonda Fadakka o‘ttiz kishilik sariyaga bosh qilib jo‘natdilar. So‘ng Vodil quro tomonga shavvol oyida yana bir sariyaga bosh qilib yuborilgan edi.
Bashir sahobiy, fozil va solih kishi edi. Rasuli akram unga alohida e’tibor berib muomala qilardilar. U Nabiy sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin Abu Bakr Siddiqning xalifa bo‘lishida birinchilar qatorida qo‘llab-quvvatladi.
Ibn Asokir aytishicha, muhojirlar va ansorlar o‘tirgan bir majlisda Umar ibn Xattob bunday dedi: “Bilasizlarmi, ba’zi ishlarga (yengil qarab) ruxsat bersam, nima qilgan bo‘lardingiz?” Hamma jim qolib indamadi. Bu gapini ikki yo uch marta takrorladi. Bashir ibn Sa’d dedi: “Agar shunday qilsangiz, o‘qni qanday to‘g‘rilasak, sizni ham shunday to‘g‘rilagan bo‘lardik”, dedi. Hazrati Umar uni bu gapi uchun maqtadi.
“Sahih”da Abu Mas’ud Ansoriydan mana bu gapi sobit bo‘lgan: «Biz Sa’d ibn Uboda bilan suhbatlashib o‘tirganimizda Rasuli akram kelib qoldilar. Bashir ibn Sa’d u zotdan: “Yo Rasululloh, bizlar sizga salavot aytishga buyurildik. Salavotni qanday aytamiz?” deb so‘radi. Rasululloh alayhissalom sukut qildilar. Bizlar qaniydi bu savolni bermasa edi, deb xijolat bo‘la boshladik. So‘ng Rasululloh alayhissalom: “Allohumma solli ala Muhammad va ala oli Muhammad, kama sollayta ala Ibrohiyma va borik ala Muhammad va ala oli Muhammad, kama barokta ala Ibrohiyma fi olamiyn. Innaka Muhammad majiydun. Vas-salomu kama a’limtum”, dedilar».
Ibn Hishom, Ibn Sa’d va Voqidiy Bashirning qizi olib borgan barakali xurmo qissasini bunday hikoya qiladilar: «Bashir ibn Sa’dning qizi aytadi: “Onam Umra binti Ravoha meni chaqirib, etagimga bir idish xurmoni to‘kib, ey qizim, buni otang va tog‘ang Abdulloh ibn Ravohaga olib bor. Men xurmoni olib borayotib Rasululloh alayhissalom oldilaridan o‘tdim. Men odamlar orasidan otam bilan tog‘amni izlayotgan edim. Shunda Rasuli akram menga: “Bu yoqqa kel, ey qizim, sen nimani olib yuribsan?” dedilar. Men: “Yo Rasululloh, bu xurmo, otam Bashir ibn Sa’d va tog‘am Abdulloh ibn Ravohaga onam berib yubordi”, dedim. U zot: “Bu yoqqa olib kel”, dedilar. Men Rasululloh kaftlariga ozgina xurmo berdim. So‘ng bir kiyim xurmo uchun to‘shaldi. Bir dona xurmo kiyim ustiga dumalab ketdi. Shunda u zot bir kishiga Xandaq ahlini xurmoga kelinglar deb chaqirishni buyurdilar. Xandaq ahli xurmo daragini eshitib biz turgan joyga yetib kelishdi. Har birlari xurmodan olib yedilar. Qancha kishi yeganida ham xurmo kamayish o‘rniga ziyoda bo‘lib borardi. Hatto Xandaq ahli o‘rnidan turib ketdilar. Qarasam, kiyim atrofida xurmo donalari qolib ketgan edi.
Bashir ibn Sa’ddan o‘g‘li No‘mon ibn Bashir hadis rivoyat qilgan, o‘g‘li No‘mondan Jobir ibn Abdulloh rivoyat qilgan.
Bashir ibn Sa’d inisi Simok bilan hijratning o‘n ikkinchi yili Iroqda halok bo‘lgan. Bashir Islom va iymon nuri u yerga yetib borish yo‘lida jon fido etgan edi.
Alloh taolo undan rozi bo‘lsin.
Manbalar asosida
Bobomurod ERALI
tayyorladi.
Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.
Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.
Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”
Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”
Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.
Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.
Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.