Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446
Maqolalar

Tarixdagi eng qayg‘uli kun

17.09.2024   3094   3 min.
Tarixdagi eng qayg‘uli kun

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratning o‘n birinchi yili rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, choshgoh va peshin o‘rtasida bu o‘tkinchi dunyoni tark etdilar (Ibn Sa’d, Tabaqot 2/215; Ibn Kasir, Bidoya 5/282, 294, 295, 296, 313).


O‘sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafoti haqidagi xabar barcha musulmonlar uchun katta zarba bo‘ldi. Shubhasiz, bu ular uchun katta yo‘qotish edi. Madina musulmonlarining ko‘plari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotidan xabardor bo‘lib, masjidga shoshildilar. Ushbu voqeadan hayratda qolgan Umar roziyallohu anhu masjidda to‘plangan olomonga qarata: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lmagan …» deb qaytarardi (Ibn Hishom, Siyra, 2/215).


Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafoti haqidagi xabarni eshitib Abu Bakr roziyallohu otga minib darhol Masjidun Nabaviyga yetib keldi. U Sunh degan joydagi uyida edi. Umar roziyallohu anhu hamon o‘sha gapni takrorlardi. Abu Bakr jamoatni tinchlanishga buyurdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi kunlarini o‘tkazgan xonaga qizi Oisha roziyallohu anhoning oldiga kirdi.


Xonaga kirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vujudlariga yopilgan matoni ochdi va peshonalaridan o‘pdi. Uning ko‘zlari yoshga to‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarab: «Allohga qasamki, Alloh sizga ikki marta o‘lim bermaydi. O‘limni totdingiz. Bundan keyin endi o‘limni boshqa totmaysiz», dedi. Va «Zumar» surasining 30-oyatini tilga oladi:

إِنَّكَ مَيِّتٞ وَإِنَّهُم مَّيِّتُونَ

«Albatta, sen ham o‘lguvchisan, ular ham o‘lguvchidirlar». So‘ng: «Shu holatda ham hayotdagi kabi go‘zalsiz», deb xonadan chiqdi. (Ibn Hishom, Siyra, 2/216; Ibn Sa’d, Tabaqot, 2/209).


Uning gaplari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jasadlari bilan bir xonada bo‘lganlarni tinchlantirdi. Abu Bakr jazavaga tushmadi, aksincha sokinlik va bosiqlik bilan musulmonlar jamiyatiga vaziyatni tushuntirish va ularning sarosimaga tushishiga yo‘l qo‘ymaslikni o‘ylardi. Umar hanuz o‘sha so‘zni takrorlardi: «Muhammad o‘lmagan!..» Abu Bakr undan o‘tirishni so‘radi.


Odamlarning diqqat-e’tibori Abu Bakr tomonga yo‘nalgandan so‘ng, u jamoatga shunday dedi: «Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ibodat qilganlar bo‘lsa, bilingki, U vafot etdi. Kim Parvardigorga ibodat qilgan bo‘lsa, bilingki, U abadiy tirikdir». Keyin Qur’oni Karimdan quyidagi oyatni o‘qidi:


وَمَا مُحَمَّدٌ إِلَّا رَسُولٌ قَدْ خَلَتْ مِن قَبْلِهِ الرُّسُلُ أَفَإِن مَّاتَ أَوْ قُتِلَ انقَلَبْتُمْ عَلَى أَعْقَابِكُمْ وَمَن يَنقَلِبْ عَلَى عَقِبَيْهِ فَلَن يَضُرَّ اللَّهَ شَيْئًا وَسَيَجْزِي اللَّهُ الشَّاكِرِينَ


«Muhammad ham bir Rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o‘tgan. Agar u o‘lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasizmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni albatta mukofotlar» (Oli Imron surasi, 144-oyat). (Ibn Hishom, Siyra, 2/216; Ibn Sa’d, Tabaqot 2/211; Ibn Kasir, Bidoya, 5/280).

Manba

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

16.01.2025   3787   2 min.
Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda  ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi. 
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.     

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.


 

MAQOLA