Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratning o‘n birinchi yili rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, choshgoh va peshin o‘rtasida bu o‘tkinchi dunyoni tark etdilar (Ibn Sa’d, Tabaqot 2/215; Ibn Kasir, Bidoya 5/282, 294, 295, 296, 313).
O‘sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafoti haqidagi xabar barcha musulmonlar uchun katta zarba bo‘ldi. Shubhasiz, bu ular uchun katta yo‘qotish edi. Madina musulmonlarining ko‘plari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotidan xabardor bo‘lib, masjidga shoshildilar. Ushbu voqeadan hayratda qolgan Umar roziyallohu anhu masjidda to‘plangan olomonga qarata: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lmagan …» deb qaytarardi (Ibn Hishom, Siyra, 2/215).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafoti haqidagi xabarni eshitib Abu Bakr roziyallohu otga minib darhol Masjidun Nabaviyga yetib keldi. U Sunh degan joydagi uyida edi. Umar roziyallohu anhu hamon o‘sha gapni takrorlardi. Abu Bakr jamoatni tinchlanishga buyurdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi kunlarini o‘tkazgan xonaga qizi Oisha roziyallohu anhoning oldiga kirdi.
Xonaga kirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vujudlariga yopilgan matoni ochdi va peshonalaridan o‘pdi. Uning ko‘zlari yoshga to‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarab: «Allohga qasamki, Alloh sizga ikki marta o‘lim bermaydi. O‘limni totdingiz. Bundan keyin endi o‘limni boshqa totmaysiz», dedi. Va «Zumar» surasining 30-oyatini tilga oladi:
إِنَّكَ مَيِّتٞ وَإِنَّهُم مَّيِّتُونَ
«Albatta, sen ham o‘lguvchisan, ular ham o‘lguvchidirlar». So‘ng: «Shu holatda ham hayotdagi kabi go‘zalsiz», deb xonadan chiqdi. (Ibn Hishom, Siyra, 2/216; Ibn Sa’d, Tabaqot, 2/209).
Uning gaplari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jasadlari bilan bir xonada bo‘lganlarni tinchlantirdi. Abu Bakr jazavaga tushmadi, aksincha sokinlik va bosiqlik bilan musulmonlar jamiyatiga vaziyatni tushuntirish va ularning sarosimaga tushishiga yo‘l qo‘ymaslikni o‘ylardi. Umar hanuz o‘sha so‘zni takrorlardi: «Muhammad o‘lmagan!..» Abu Bakr undan o‘tirishni so‘radi.
Odamlarning diqqat-e’tibori Abu Bakr tomonga yo‘nalgandan so‘ng, u jamoatga shunday dedi: «Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ibodat qilganlar bo‘lsa, bilingki, U vafot etdi. Kim Parvardigorga ibodat qilgan bo‘lsa, bilingki, U abadiy tirikdir». Keyin Qur’oni Karimdan quyidagi oyatni o‘qidi:
وَمَا مُحَمَّدٌ إِلَّا رَسُولٌ قَدْ خَلَتْ مِن قَبْلِهِ الرُّسُلُ أَفَإِن مَّاتَ أَوْ قُتِلَ انقَلَبْتُمْ عَلَى أَعْقَابِكُمْ وَمَن يَنقَلِبْ عَلَى عَقِبَيْهِ فَلَن يَضُرَّ اللَّهَ شَيْئًا وَسَيَجْزِي اللَّهُ الشَّاكِرِينَ
«Muhammad ham bir Rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o‘tgan. Agar u o‘lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasizmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni albatta mukofotlar» (Oli Imron surasi, 144-oyat). (Ibn Hishom, Siyra, 2/216; Ibn Sa’d, Tabaqot 2/211; Ibn Kasir, Bidoya, 5/280).
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan