Avvalroq “Umra – 2024” yangi mavsumi boshlanib, ilk guruh ziyoratchilari muborak diyorga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu ziyoratchilar 3 kun davomida Madina shahridagi zamonaviy “Grand Shahba” mehmonxonasida istiqomat qilish barobarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ravzai shariflari, muborak qadamjolar va Masjidun Nabaviyda ziyorat va ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar.
Shundan so‘ng o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari Payg‘ambar shahridagi Zul-Hulayfa masjidida umrani niyat qilib, oppoq ehromda zamonaviy avtobuslarda Makkai mukarramaga yo‘l oldi.
Muqaddas ikki shahar orasidagi 460 kilometrlik masofani zamonaviy avtobuslarda o‘rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o‘tgan, tilidan “labbayka” tushmagan umrachilarimiz Ishchi guruhi va hamkor shirkat vakillari tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Hamyurtlarimiz muhtasham “Al-Ayam Elite” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib ikrom qilindi.
Zamonaviy mehmonxonada xonalari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz mohir oshpazlar pishirgan lazzatli taomlaridan bahramand bo‘lgandan so‘ng guruh rahbarlari hamrohligida tildan talbiyani qo‘ymagancha Masjidul Haramga yo‘l olishdi va Baytullohda tavof, sa’y kabi umra amallarini bajarishga kirishdilar.
Alloh taolo ziyoratchilarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin, umralarini qabul aylasin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Qur’on o‘qiyotganda farzandlar shovqin qilib qolsa, ularga jim bo‘linglar deyiladi-da, keyin yana Qur’on tilovatida davom etib ketiladi. Shunda qayta a’uzu yoki bismillah aytiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym"ni aytib tilovatni davom ettirish mustahabdir. Chunki Qur’on tilovati asnosida qiroatga aloqasi bo‘lmagan gaplarni gapirsa, qiroatni a’uzuni aytib davom ettiradi. Agar Qur’on qiroatiga aloqador gaplarni gapirgandan keyin qiroatni davom ettirsa, a’uzuni aytmasdan davom etaveradi. Bu ikki holatda ham "bismillah" aytilmaydi (“An-nashr fil qiroatil ashr” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.